Respublikachilar partiyasi qoshida paydo bo’lgan choychilar harakati yaqinda o’zining besh yillik yubileyini nishonladi. 2010-yilgi saylovda respublikachilarning Vakillar palatasidagi ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritishida ularning yordami katta bo’ldi. Ammo bu siyosiy harakatning kelajagi haqida qarashlar turlicha.
Choychilar yig’inida qatnashgan respublikachi Mishel Bakman harakatni AQSh siyosiy sahnasida tashlangan ildam qadam deya olqishladi
Choychilar yig’inida qatnashgan respublikachi Mishel Bakman harakatni AQSh siyosiy sahnasida tashlangan ildam qadam deya olqishladi
“Sizlarning Amerika uchun qilgan ishingiz bebaho. Bu davlatning qon tomirlariga yangi hayot bag’ishladingiz”, - dedi u.
Choychilar partiyasining eng katta yutug’i 2010-yilgi saylovda respublikachilarning Vakillar palatasini qayta egallashiga qo’shgan hissasi bo’ldi.
Harakat rasman partiya maqomini olmagan, ammo bir qator ta’sirchan taskilotlarning qo’llab-quvvatloviga ega. Uning tarafdorlari orasida Oq uyga ham o’z vakillarini saylashni orzu qiluvchilar ko’p. Bu lavozimga munosib ko’riladigan nomzodlardan biri respublikachi senator Ted Kruzdir. U 2012-yil choychilar yordami bilan Kongressga saylangan.
Senator Kruz Choychilar partiyasi qadrlaydigan muhim tamoyillar haqida shunday deydi:
“Avvalo, ozodlik, erkin bozor tamoyillari, cheklangan hukumat hamda AQSh konstitutsiyasini himoya qilamiz”.
Ammo o’tgan yilning oktabr oyida byudjet yuzasidan mavjud kelishmovchiliklar federal hukumatning bir muddat ishdan to’xtashiga sabab bo’lgach, choychilar mavqeiga putur yetdi. Aholi siyosiy ziddiyatda demokratlardan ko’ra respublikachilarni ko’proq aybladi. Respublikachilar esa hukumatning yopilishida asosiy sabab sifatida choychilarning murosasizligini ko’rdi.
Vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchisi Jon Beyner harakatning o’ta konservativ vakillaridan noroziligini yashirmaydi.
“Choychilar partiyasiga hurmatim baland, ular saylov jarayoniga yangi ruh bag’ishladi. Muammo harakatda emas, balki bizni va boshqalarni sindirish orqali pul yig’ishga urinayotgan Vashingtonning ayrim tashkilotlarida”, - deydi u.
Demokratlarning choychilarga munosabati o’ta salbiy. Senatdagi demokratlar yetakchisi Garri Rid siyosiy muloqotning boshi berk ko’chaga kirib qolishida, asosan, Respublikachilar ichidagi choychilarni ayblaydi.
“Ular mahalliy, shtat yoki federal darajadagi hukumatlarga, har qanday yo’l bilan bo’lsa-da, to’sqinlik qilishga urinmoqda. Ularning maqsadi shu”, - deydi u.
2014-yil choychilar harakatida muhim davr bo’lishi kutilyapti. Noyabrdagi Kongress saylovlarida respublikachilar g’alaba qozonishi uhcun guruhning yordami katta ahamiyatga ega. Shu yo’l bilan partiya Senatda ham ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritishni umid qilmoqda.
Lekin respublikachilar ichida choychilar tarafdorlari va unga qarshilar o’rtasidagi bo’linish saylovga o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin, deydi Brukings instituti tahlilchisi Stefan Hes.
“Bo’linish ilgarigidek kuchli emas, ammo u hanuz bor. Ayrim yo’nalishlarda ziddiyatlar hech qachon yo’qolmaydi”, - deydi u.
Tahlilchilar fikricha, 2010 va 2012-yilgi saylovlarda respublikachilarning Senatda ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kirita olmasligiga choychilarning o’ta konservativ nomzodlarni qo’llab-quvvatlashi sabab bo’lgan.
Respublikachilar strategi Ford Okonnelning aytishicha, partiya yetakchilari bu yil ushbu xatoni takrorlamaslikka harakat qiladi.
“Choychilar partiyasi oldidagi eng katta to’siq shundaki, ko’pchilik ularni ekstremist sifatida ko’radi. Demokratlar shuning uchun ulardan ustun kelishda davom etadi. Chunki amerikaliklar Choychilar partiyasi haqida yomon tasavvurga ega”, - deydi u.
Respublikachilar partiyasi va choychilar harakati o’rtasidagi ziddiyatlar yana kamida ikki yil davom etishi kutilyapti. 2016-yilgi prezidentlik saylovi uchun kimlar nomzod bo’lishi masalasi hal bo’lmaguncha, tomonlar o’rtasida kelishmovchiliklar barham topmaydi, deydi kuzatuvchilar.