AQShda hukumat qisman yopilgani bir necha yillik siyosiy qarama-qarshiliklar natijasidir. Mamlakatda hukmron ikki partiya – respublikachi va demokratlar federal hukumatning jamiyatdagi roliga mutlaqo boshqa-boshqa nuqtai nazardan qaraydi.
Bugungi siyosiy krizis sabablarini tushunish uchun kamida 20 yil oldingi tarixni yodga olish zarur.
Demokrat Bill Klinton Oq uyga saylganganidan ko’p o’tmay, 1994-yilda respublikachilar 40 yilda ilk bor Kongressning har ikki palatasini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi.
Sarfiyat hamda jamiyatda hukumatning roli xususida qarashlar to’qnash kelib, o’shanda federal hukumat ikki marta yopilgan.
Katta bahslarga sabab bo’lgan 2000-yilgi prezident saylovlari esa Amerikada siyosiy muhitni yanada keskinlashtirdi. Masala Oliy Sudga oshirilib, respublikachi Jorj Bush kichik farq bilan g’olib deb topilgan edi.
Siyosatshunos Larri Sabato siyosiy qutblashuv prezident Bush davrida, ayniqsa Iroq urushi va Katrina fojiasidan keyin avj olganini aytadi. Oq uyga Barak Obama saylanganidan so’ng muammo yanada chuqurlashdi.
Ma’lumki, AQShda sog’liqni saqlash tizimini tubdan o’zgartirishga qaratilgan qonun yaqinda kuchga kirdi. Prezident Obamaning eng katta yutug’i deb ko’rilgan bu loyihaga 2010-yilda bitta ham respublikachi ovoz bermagan.
O’shanda Kongressda hukmron bo’lgan demokratlar qonunni baribir ma’qulladi va natijada “Choychilar” harakati nomli o’ta konservativ guruhlar mamlakat bo’ylab qanot yozdi. Respublikachilar bu oqim yordamida keyinchalik Kongressning bir palatasini qo’lga oladi.
Oq uy va Kongress kelisha olmay, bugun hukumat yopilishiga asosiy sabab ham ana o’sha sog’liqni saqlash to’g’risidagi qonundir. Muxolifat bu loyihani moliyadan ayirishga, uning tatbiq etilishini kechikirishga bir necha bor harakat qildi.
Ommaviy so’rovlar bo’yicha ekspert Piter Braunning aytishicha, federal hukumatning hajmi va roli bo’yicha tomonlar qarama-qarshi pozitsiyaga ega.
“Respublikachilar hukumatni ham, sarf-xarajatni ham keskin qisqartirish tarafdori. Demokratlar esa hukumat jamiyatdagi muammolarga yechim topa olishiga ishonadi”, - deydi Braun.
Tibbiy islohotning eng ashaddiy tanqidchilari - Vakillar Palatasidagi eng konservativ qonunchilardir. Ular qayta saylanish uchun choychilar quvvatloviga tayanadi.
Tahlilchi Larri Sabatoga ko’ra, konservatorlar hukumat yopilishida jamoatchilik ularni ayblashini bilsa-da, yon bermayapti. Bunga bir sabab, shtatlarda saylov okruglari shunday tuzilganki, ular qayta saylanishi aniq.
Ayni damda Vashingtonda siyosiy mavhumlik hukmron. Ikki tomon ham yon bergisi yo’q. Kongress tez orada qarz olish miqdorini oshirish bo’yicha bir qarorga kelishi kerak. Aks holda, AQSh zarur to’lovlarni amalga oshirolmaydi.
“Har ikki partiya o’z prinsiplariga sodiq va faqat o’zini haq deb biladi. Natijada biror muammo hal bo’lmayapti. Tortishuv davom etaversa, mamlakat byudjetsiz yashayversa, nafaqat iqtisodiyotga balki AQShning xalqaro obro’-e’tiboriga ham putur yetadi”, - deydi Larri Sabato.
Oxirgi marta AQShda byudjet yuzasidan bunday keskinlik 1995-yilda kuzatilgan. Tahlilchilar deydiki, jamoatchilik unda asosan respublikachilarni ayblab, demokrat prezident Bill Klinton ikkinchi muddatga saylangan edi.