Breaking News

Xillari Klinton - keyingi prezidentmi?


Yangi kitobini taqdim qilayotgan Xillari Klinton
Yangi kitobini taqdim qilayotgan Xillari Klinton

AQShning sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton 2016-yilgi prezidentlik saylovida g’alaba qozonishi mumkin. Bu yilgi Kongress saylovlarida esa respublikachilar ustun kelishi ehtimoli katta. So’rovlar shuni ko’rsatgan.

Kvinnipiak universiteti o’tkazgan izlanishlar natijasiga ko’ra, Xillari Klinton demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilishi mumkin boshqa arboblardan ancha oldinda. So’ralganlarning 58 foizi uning tarafdori. Massachussetts shtatidan senator Elizabet Uorren 11 foiz, vitse-prezident Jo Bayden esa to’qqiz foiz olgan.

Klinton hozir o’zining “Qiyin qarorlar” nomli kitobini targ'ib qilmoqda. Prezidentlikka da’vo qilish-qilmasligini kelasi yil boshida ma’lum qiladi.

“Kitob sotuvi yaxshi bo’lmagani, Davlat departamentini qanday boshqargani haqidagi savollar, boylik deganda nimani tushunishi borasida savollar Xillari Klintonni ancha chiniqtirdi. U Demokratlar partiyasi a’zolari orasida 2016-yilgi poyga uchun eng kuchli nomzod sifatida ko’rilmoqda”, – deydi Kvinnipiak so’rovini yuritgan Tom Malloy.

Natija, shuningdek, Klinton Respublikachilar partiyasidan raqiblari, jumladan, Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi, Kentukki shtatidan senator Rend Pol, Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Xakabi va Florida sobiq gubernatori Jeb Bushni osonlikcha ortda qo’ldirishi mumkinligini ko’rsatgan.

Respublikachilar orasida aniq yetakchi yo’q. Rend Polni respondentlarning 11 foizi quvvatlagan. Kristi, Xakabi va Bush esa har biri 10 foizdan to’play olgan. Saylovga hali ikki yil bor va bu holatni g’ayrioddiy deb bo’lmaydi, deydi Malloy.

Har ikkala partiya asosiy e’tiborni shu yil oxirida bo’lib o’tadigan Kongress saylovlariga qaratmoqda. Vakillar palatasidagi 435 ta o’rin va 100 o’rinlik Senatdagi 36 ta o’rin ovozga qo’yiladi. Hozirda respublikachilar Vakillar palatasida, demokratlar esa Senatda ko’pchilik.

Respondentlar Kongressning har ikkala palatasida respublikachilar ko’pchilikni tashkil etishini istagan.

“Respublikachilarning Kongress saylovlarida tarafdorlari biroz ko’proq. Ammo statistika jihatidan bu katta raqam emas. Umuman olganda, xalq siyosatchilardan to’ygan, ayniqsa Kongressdan g’azabda. Shuning uchun hozir hech narsani aniq bashorat qilib bo’lmaydi”, – deydi Malloy.

Aksariyat tahlilchilar fikricha, respublikachilar Vakillar palatasida aksariyat o’rinni saqlab qoladi va Senatda ham ko’pchilikni tashkil etish uchun lozim olti orinni qo’lga kiritish imkoniga ega.

“Respublikachilar hozir ustun. Chunki hokimiyatda – demokrat-prezident. Prezidentlik muddati o’rtasida bo’lib o’tadigan saylovlarda odatda qarshi partiya g’alaba qozonadi. Prezidentning reytingi past. Shu bois respublikachilarda Senatni o’z qo’liga olish imkoni bor”, - deydi siyosiy tahlilchi Jon Frontyer.

So'rovdan yana bir narsa ma'lum: odamlar hozirgi iqtisodiy vaziyat xususida ancha ijobiy fikrda. Lekin ular davlat rahbariga yuqoriroq baho berishga shoshmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG