Oq uy so’nggi 50 yilda ilk bor ochlik va oziq-ovqat ta’minotiga bag’ishlangan anjuman o’tkazdi. Ochlikka nafaqat rivojlanayotgan va qashshoq mamlakatlarda, balki Amerikaning o’zida ham bolalar yuz tutmoqda. Aniqroq aytadigan bo’lsak, bu mamlakatda 9 million bola to’yib ovqat yemaydi.
“BMTdagi so’nggi chiqishimda dunyoda oziq-ovqat taqchilligiga qarshi kurashga doir majburiyatlarimiz haqida gapirdim. Dunyoning har bir mamlakatida, Amerikaning har bir shtatida ota-ona farzandini boqa olmasa, boshqa narsa bilan ishi bo’lmaydi”, - dedi anjumanga mezbonlik qilgan Prezident Jo Bayden.
Global oziq-ovqat xavfsizligi jadvalida Qo’shma Shtatlar 13-o’rinni egallab turibdi. Birinchi o’rinda, ya’ni eng to’q mamlakat bu Finlyandiya. Jadval tubida, ya’ni ochlik o’tkir muammo hisoblangan mamlakatlar – Suriya va Gaiti.
Bayden 2030-yilgacha AQShda ochlikka barham berishni va parhez bilan bog’liq kasalliklarni kamaytirishni ko’zlovchi rejasini e’lon qildi. Shu maqsadda davlat va xususiy sektorlarga 8 milliard dollar ajratiladi, maktablarda bepul taomlar ko’paytiriladi, bolalar va oilalar uchun davlatning oziq-ovqat imtiyozlari oshiriladi.
Biroq bu pulni Kongress ma’qullashi kerak. Respublikachilar odatda jamiyatdagi muammolarni davlat aralashuvisiz hal qilish tarafdori. Ochlikka qarshi kurashuvchi tashkilotlar nazarida, Vashington bu ishni yolg’iz o’zi qila olmaydi.
“Bu maqsadga 2030-yilgacha erishish juda qiyin. Federal hukumat ko’p narsalarga qodir. Ammo aynan bu ishda federal, shtat va mahalliy hukumatlar, korporatsiyalar, saxovatpesha insonlar va fuqarolik jamiyatining barcha a’zolari hamkorlik qilishi kerak”, - deydi Norin Springsted ismli faol.
Ochlik muammosiga tashqi omillar ham sabab bo’lyapti. Pandemiya va Ukrainadagi urush ana shunday jiddiy omillardan.
“Bu ikki holat global ta’minot zanjirlarining o’ta nozik ekanini, ularga bo’lgan mutlaq bog’liqligimiz xavfli ekanini ko’rsatyapti. Hukumatlar va xususiy sektor mintaqaviy va mahalliy ta’minot zanjirlariga ko’proq sarmoya qilishi zarur”, - deydi ochlikka qarshi kurashuvchi tashkilot vakili Daniel Nayrenberg.
Oziq-ovqat narxini tushirish ayni damda katta muammo, deydi Norin Springsted.
“Iqtisodiy adolatni ishga solish kerak, eng kam maosh miqdorini oshirish lozim, sharoit hamma joyda har xil bo’lishini hisobga olib”, - deydi u.
Global oziq-ovqat xavfsizligi jadvalida O’zbekiston 113 mamlakat orasida 73-o’rinda.
Facebook Forum