Breaking News

Senatorlar Obama ma'muriyatini yadroviy bitim yuzasidan savolga tutmoqda


Davlat kotibi Jon Kerri, Energetika vaziri Ernest Monis va Moliya vaziri Jek Lyu Eron bilan imzolangan bitim yuzasidan senatorlar savollariga javob bermoqda, 23-iyul, 2015-yil
Davlat kotibi Jon Kerri, Energetika vaziri Ernest Monis va Moliya vaziri Jek Lyu Eron bilan imzolangan bitim yuzasidan senatorlar savollariga javob bermoqda, 23-iyul, 2015-yil

Bugun AQSh Senat Tashqi aloqalar qo'mitasida Davlat kotibi Jon Kerri, Energetika vaziri Ernest Monis va Moliya vaziri Jek Lyu Eron bilan imzolangan bitim yuzasidan senatorlar savollariga javob berdi.

Ko'p tomonlama muzokaralar natijasida Venada erishilgan kelishuvni Oq uy himoya qilmoqda. Kecha Vashingtonda qonunchilar bilan bu haqda alohida gaplashilgan.

"Eron muzokarachilari sizlarni aldagan", deydi Qo'mita raisi Bob Korker Kerriga.

Davlat kotibiga ko'ra, yadroviy bitim dunyoni yanada xavfsizroq qilishga qaratilgan.

"Hujjat Eronni yadro qurolini yaratish salohiyatidan ayiradi", - dedi Kerri.

Kongress kelishuvni 60 kun ichida ko'rib chiqib, sentabr o'rtalarigacha uni ma'qullashi yoki rad etishi kerak. Bitim Kongress tasdig'idan o'tgan taqdirda Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinadi.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beynerning aytishicha, Kongressning har ikki palatasini nazorat etayotgan partiyadoshlari hujjatni o'tkazmaslikka harakat qiladi.

"Kelishuv bizga to'g'ri kelmaydi, demak, amerikaliklar xavfsizligiga tahdiddir. Uni qaytaramiz", - deydi Beyner.

Agar Kongress bitimni tasdiqlamasa, Prezident Obama qarorga veto qo'yishini bildirgan. Vetoni esa har ikki palata a'zolarining uchdan ikki qismigina bekor qila olishi mumkin. Buning uchun esa demokratlar ham respublikachilar tomonida ovoz berishi kerak.

Aksariyat demokrat qonunchilar bir qarorga kelishdan oldin bitimni o'rganib chiqish kerak, demoqda.

"Kelishuv kelasi 10-15 yil davomida vaziyatni yaxshilashga qaratilgan. Ammo Eron uni aylanib o'tishga, bizni aldashga harakat qilsa, biz bundan xabardor bo'lamizmi, yo'qmi, shuni aniqlab olish zarur", - deydi demokrat senator Tim Keyn.

Tanqidchilarga ko'ra, bitim shartlarini nazorat qilish mexanizmi zaif, Eron yadro qurolini yaratmaslik haqidagi va'dalariga qanchalik amal qilayotganini to'liq tekshirib bo'lmaydi.

Ular nazarida sanksiyalardan xoli Eron iqtisodiyotini yaxshilab, milliardlab dollar pul hisobiga Yaqin Sharqdagi jangari guruhlarni moliyalashtirishni kuchaytirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG