Breaking News

BMT Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishi mumkin


BMT Xavfsizlik kengashi masalani ovozga qo'yadi
BMT Xavfsizlik kengashi masalani ovozga qo'yadi

Eron yadroviy dasturi atrofidagi muzokaralar kelasi hafta Nyu-Yorkda davom etadi: BMT bosh qarorgohida Xavfsizlik Kengashining xalqaro sanksiyalarni bekor qilishi kutilmoqda. Biroq qurol-aslaha embargosi yana besh yil davom etadi, ballistik raketalarga oid cheklov esa yana sakkiz yil amalda qoladi.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauerning bildirishicha, shu kunlarda AQSh besh doimiy a’zo, Germaniya va Yevropa Ittifoqi nomidan Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya loyihasini tadqim etadi. Unda mavjud sanksiyalar o’rnini, Venada erishilgan kelishuvga ko’ra, yangi cheklovlar egallaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashiga 15 davlat a’zo, beshtasi – Britaniya, Fransiya, Rossiya, AQSh va Xitoy – veto huquqiga ega. Ulardan hech biri rezolyutsiyaga qarshi chiqmaydi, chunki beshala davlat muzokaralarda bevosita qatnashdi va Tehron bilan murosaga erishdi.

AQShning sobiq Davlat kotibi Madlen Olbrayt “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Eron bilan shartnomani oldinga tashlangan katta qadam, deb baholadi. “U mintaqa uchun, global xavfsizlik uchun katta ahamiyatga ega”, - dedi sobiq diplomat.

AQSh agar Eron kelishuvni buzsa darhol jazolanadi, deb ogohlantirdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun shartnomani olqishlar ekan, uni tarixiy deb baholadi va har qanday muammoni muloqot orqali hal etish mumkinligi isbotlangani haqida gapirdi. U, shuningdek, yangi shartnoma Yaqin Sharqda hamkorlik hamda xavfsizlikka yetaklashiga umid bildirdi.

Iroq, Suriya va Yamandagi urushlarda Eron qo’li borligi aytib kelinadi. Aynan shu sababdan Tehronning G’arb va arab davlatlari bilan aloqalari sovuqlashgan. Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Randa Slim erishilgan shartnomaning bu mojarolarga yakun yasashiga ishonmaydi:

“Yaqin kelajakda bu hujjat vaziyatni o’zgartirmaydi. Aksincha, Eronning G’arb bilan kelishuvi ayrim boshqa davlatlar, ayniqsa, arab davlatlari pozitsiyasini keskinlashtirishi mumkin”, - dedi ekspert.

Isroil shartnomaga jiddiy qarshilik bildirdi. Bu davlatning BMTdagi elchisi Ron Prosor “kelishuvga qaramay Eron din bangilari o’lkasiligicha qolmoqda. U butun dunyo bo’ylab terrorizmni qo’llab-quvvatlaydi va homiylik qiladi”, - deb aytdi.

Isroil elchisi, shuningdek, qudratli davlatlarni Tehron bilan kelishuvga erishgani uchun tanqid qildi.

“Bugun ular bemalol, hech qanday cheklovsiz, yangi iqtisodiy farovonlikka chehrasida tabassum bilan boqmoqda. Ertaga esa dunyoning qolgan qismi buning uchun javob berishiga to’g’ri keladi”, - dedi Isroil rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG