Breaking News

AQShda prezidentlikka nomzodlar Eron bitimiga munosabat bildirmoqda


Eron bilan kelishuvga qarshi amerikaliklar ko'p
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:45 0:00

Eron bilan kelishuvga qarshi amerikaliklar ko'p

AQShda 2-16-yilgi saylovda prezident lavozimiga da’vo qilmoqchi bo'lganlar Eron bilan yadroviy bitimga munosabat bildirmoqda. Bu masalada partiyalar pozitsiyasi bir-biriga zidligini payqash mumkin.

Respublikachi da’vogarlar kelishuvni darhol tanqid qila boshladi. Demokratlar munosabati esa ancha iliq.

Seshanba kuni Venada erishilgan kelishuvga munosabat quyidagicha:

Demokratlar

AQSh sobiq Davlat kotibi Hillari Klintonning aytishicha, shartnoma hali e’lon qilinmay turib Prezident Barak Obama unga qo’ng’iroq qilgan va xush xabarni yetkazgan. Klinton kelishuvni olqishladi va Eron yadroviy qurolga ega bo’lmasligini kafolatlash sari qo’yilgan katta qadam, deya baholadi.

“Bu juda muhim birinchi qadam. Biz unga juda katta ehtiyotkorlik bilan, jiddiy yondashishimiz kerak”, - dedi u.

“Bunday turdagi muzokaralarda qopqonlar kichik tafsilotlarda bo’ladi. Mas'uliyat Eronda. Unga hech qachon yadroviy qurolga ega bo’lishga ruxsat etilmasligi lozim”, - dedi Klinton.

U, shuningdek, Eron terrorizmning eng katta homiysi, der ekan, shartnomani kuchga kirishini ta’minlashga alohida urg’u berdi. "Bugun Eron yadroviy dasturiga qopqoq yopildi. Endi biz e’tiborimizni mintaqadagi boshqa hamkorlarimizga qaratamiz, Eron noto’g’ri qadam qo’ymasligini kafolatlaymiz,” – dedi Klinton va kelasi oylarda qilinajak ishlar talayligini aytdi.

Vermont shtatidan senator Berni Sanders shartnomaga erishilganidan so’ng “men Prezident Obama, Davlat kotibi Jon Kerri va boshqa davlatlar rahbarlarini Eronning yadroviy qurolga ega bo’lishining oldini oluvchi keng ko’lamli shartnomaga erishgani bilan tabriklayman. Bu qilichlar emas, diplomatiya g’alabasidir. Demak, AQSh Yaqin Sharqda boshqa keti ko’rinmaydigan urush girdobiga tortilmaydi. Men bu shartnomaning samarali va kuchli ekaniga ishonch hosil qilish uchun hujjatning barcha tafsilotlarini o’rganib chiqaman”, - dedi demokrat nomzod.

Republikachilar

Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush shartnoma Eron maxfiy yadroviy ambitsiyalari uchun qonuniy asos yaratishini ta’kidladi.

“Bu diplomatiya emas. Bu tinchlantirish”, - dedi Bush va AQSh hamda xalqaro hamjamiyat kiritgan sanksiyalarni bekor qilishdan naf yo’qligini aytdi. “Men nuqsonlarga to’la bunday shartnomani ma’qullay olmayman”, - dedi u.

Doktor Ben Karson o’z bayonotida shartnoma soxta umid bag’ishlashini ta'kidlar ekan, uni jiddiy talafotlarga olib keladigan tarixiy xato deb atadi.

Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi Isroil xavfsizligidan xavotirda ekanini aytdi va Kongressni Obama ma’muriyatining Eron bilan kelishuvga erishishiga yo’l qo’ymaslikka chorladi.

“Kelishuv Isroil uchun, AQSh uchun tahdiddir” , - dedi u.

Texasdan senator Ted Kruz esa “har qanday shartnoma sari qo’yilishi kerak bo’lgan qadam uni Kongressga taqdim qilishdan iborat. Prezident Kongressga va Amerika xalqiga nima sababdan bunday kelishuv AQSh manfaatlari bilan hamohang ekanini tushuntirishi kerak… Prezident Obama bugungacha gapirgan gaplariga qaraganda u iloji boricha Kongressdan o’zini olib qochmoqda”, - dedi nomzod.

Uning safdoshi, “Hewlett-Packard” korporatsiyasining sobiq rahbari Karli Fiorina esa Eronga ishonib bo’lmaydi, dedi. “Eron bizga buni 30 yldan buyon isbotlab keladi. Ular shartnomani bajarmay, bizni aldashga urinadi. Ularning asl maqsadi mintaqani beqarorlashtirish”, - dedi Fiorina.

Janubiy Karolinadan senator Lindsi Grem "Bu Isroil uchun o’lim hukmi,” dedi va shartnomaning AQSh milliy xavfsizligi uchun tahdidi shu qadar kattaki, uni tasavvur qilish qiyin, deb ta'kidladi.

Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Hakabi agar u prezident etib saylansa barcha choralar, shu jumladan harbiy kuch ishlatish imkonini ham ko'rib chiqishini aytdi va Eron rejimini terrorchi deb atadi. “Uyat, bunday rejim bilan kelishuvga erishgan Obama ma’muriyati!”- dedi u.

Luiziana gubernatori Bobbi Jindal Kongress va Hillari Klintonga murojaat qilib, shartnomaga qarshi chiqishga chaqirdi. “Agar sobiq Davlat kotibi Klinton Prezident Obamaning Eronni tinchlantirish harakatiga qo’shilsa, dushmanlarimiz kuchiga kuch qo’shiladi, hamkorimiz Isroil xavf ostida qoladi, Yaqin Sharqda esa yadroviy qurol poygasi boshlanib ketadi va mintaqa yanada beqarorlashadi,” - dedi Jindal.

Texasning sobiq gubernatori Rik Perri “Twitter” tarmog’idagi mikroblogida bunday yozdi: "Amerikaliklar va hamkorlarimiz Eron bilan yadroviy shartnomaga ehtiyotkorlik bilan yondashishga haqli, bu Obama ma’muriyati erishgan murosa”.

Floridadan senator Marko Rubio shartnoma “juda xavotirli” der ekan, “bu diplomatik mag’lubiyatni g’alaba deb ko’rsatish hozirgi ma’muriyatning Eron bilan xo’ja ko’rsinga olib borayotgan siyosati mahsulidir”, dedi.

Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum "Eron bilan muzokara yuritishning o’zi ahmoqlik, axir Eron hukumati "Amerikaga o’lim!", "Isroilga o’lim!", deyishda davom etmoqda”, - dedi.

Badavlat tadbirkor Donald Trump “eronliklar hozir ustimizdan qulyapti, chunki ular usta muzokarachi va o’zi uchun zo’r natijaga erishdi”, - deb ta’kidladi va Eronga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishi emas, balki 2-3 baravar kuchaytirilishi kerak”, dedi.

Visconsin gubernatori Skot Uoker “Prezident Obama Eronni deyarli yadroviy davlat sifatida qoldirar ekan dunyoning eng zaif mintaqasida yadroviy poyganing boshlanishiga yo’l ochib bermoqda. Bizning eng yaqin hamkorimiz Isroil hamda eng muhim arab hamkorlarimiz tahdid ostida qolmoqda”, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG