Eron yadro qurolini yaratishga uringanmi yoki yo'q? Xalqaro Atom boshqarmasi olib borayotgan tekshiruv xulosalari shu yil oxirida ommaga havola etilishi mumkin.
Boshqarma rahbari Yukiya Amano Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashuvidan so'ng shu haqda bayon qildi. Tekshiruvga Tehronning o'zi ham hissa qo'shayapti, deydi u.
Islomiy respublika olib borayotgan yadroviy tadqiqotlardan asl maqsad nima, degan savolga aniq javob topilsa, deydi muzokarachilar, kelishuv imzolash hamda Eronga qo'yilgan sanksiyalarni yumshatish osonroq kechgan bo'lardi.
Tehron va olti davlatdan mutaxassislar bugun ham Venada yakuniy bitim ustida muzokara qilmoqda. AQSh rasmiylariga ko'ra, hal etilmagan bir qancha masalalar bor.
Davlat kotibi Jon Kerri kecha Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan ikki marta ko'rishib, kelishuvdagi bahsli shart-talablar haqida gaplashib olgan. Rejaga binoan, bular 30-iyunga qadar hal etilishi kerak edi.
Ismini oshkor etmagan bir rasmiy so'zlariga ko'ra, agar kelishuv imzolanishi uchun eng yuqori darajada zarur siyosiy qarorlar qabul qilinmasa, kelishuv puxta bo'lishiga ko'zi yetmasa, AQSh muzokaralarni tark etishi ham ehtimoldan xoli emas. Navbatdagi muhlat 7-iyul deb belgilangan.
Tashqi ishlar vaziri Javod Zarifning ta'kidlashicha, tomonlar kelishuvga juda yaqin turibdi, lekin muzokara muvaffaqiyatli yakun topishiga kafolat yo'q.
Venada kechayotgan muzokaralar sekin, ammo to'g'ri yo'nalishda ketayotgani qayd etiladi.
Islomiy respublika qo'yayotgan bosh talablardan biri shuki, kelishuv imzolangan zahoti sanksiyalar zudlik bilan bekor qilinishi darkor. Tehron xalqaro inspektorlarga atom inshootlarini obdon tekshirish uchun, ayrim nozik hujjatlarni ko'rib chiqish uchun qanchalik ruxsat berishi ham noma'lum.