Breaking News

Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar yana uzaytirildi


Eronning atom dasturini cheklash va bu davlatga qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlashga qaratilgan xalqaro muzokaralar Venada bugun ham davom etmoqda. Muloqot uchun ajratilgan qo'shimcha vaqt nihoyasiga yetdi. Yangi muhlat - 13-iyul.

"Progress bor, lekin muzokara juda sekin kechayapti", - dedi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond. Olti davlat va Eron vazirlari shanba kuni yana uchrashishga qaror qilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta'kidlashicha, agar tez orada murakkab qarorlar qabul qilinmasa, tomonlar muloqotni to'xtatishga tayyor.

"Bu ishning texnik ikir-chikirlari ko'p, shuning uchun kelishuvning har bir bandini shoshmasdan, obdon o'rganib chiqayapmiz. Kelishuvni tezda imzolash emas, uning sifati muhim", - deya qayd etdi Amerika bosh diplomati.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif ham yakuniy bitimga erishilmaguncha Venani tark etmaymiz, deydi.

Ma'lum bo'lishicha, Tehron BMT tomonidan joriy etilgan qurol embargosini olib tashlash talabini ham olg'a surgan, G'arb davlatlari bunga qarshi.

Muzokaralarning ikkinchi haftasi natijasiz yakunlanar ekan, Javod Zarif bir necha davlatni subutsizlikda va haddan ziyod talablar qo'yayotganlikda aybladi.

Xabarlarga qaraganda, tomonlar uch masalada kelisha olmayapti - xalqaro inspektorlarning Erondagi ishootlarga kirishini ta'minlash, sanksiyalarni qachon olib tashlash va Tehron kelishuvga amal qilayotganini tekshirish mexanizmini yo'lga qo'yish.

Kelishuv imzolangan taqdirda ham AQSh Kongressi uni ko'zdan kechirib, matnga o'zgartirishlar kiritishni talab qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG