Breaking News

Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar 9-iyulgacha davom etadi


AQSh va Eron delegatsiyalari Venada uchrashmoqda, 28-iyun, 2015-yil
AQSh va Eron delegatsiyalari Venada uchrashmoqda, 28-iyun, 2015-yil

Ertaga Eron yadro dasturi bo'yicha kechayotgan xalqaro muzokaralarning so'nggi kuni, biroq muzokarachilar yana bir necha kun muloqot qilishga kelishgan. Tomonlar Eron atom dasturini cheklovchi keng qamrovli bitim ustida ishlamoqda. Muzokaralar Avstriya poytaxti Venada o'tmoqda. Muzokarachilar bitimning ayrim bandlari bo'yicha kelisha olmayotgani aytiladi.

Erondan yadro inshootlariga xalqaro inspektorlarni kiritish, yadroviy tadqiqotlarini bir necha yilga qoldirish so'ralmoqda, buning evaziga unga qo'yilgan xalqaro sanksiyalar bekor qilinadi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif rahbariyat bilan maslahatlashish uchun kecha Tehronga uchgan va seshanba kuni Venaga qaytib boradi.

Ba'zi diplomatlarga ko'ra, muzokaralar 9-iyulgacha cho'zilishi mumkin.

Eron vaziri boshchiligidagi delegatsiya kecha AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va uning yordamchilari bilan gaplashgan. Kerri muzokaralarda qatnashayotgan boshqa davlatlar vakillari bilan ham fikr almashgan.

"Agar yakuniy va keng qamrovli bitim uchun yana bir necha kun kerak bo'lsa, muzokarachilar qarshi bo'lmaydi", - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas'ul rasmiysi Federika Mogerini.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarfning aytishicha, Eron eng asosiy shartlarni bajarganidan so'ng sanksiyalardan xoli bo'ladi.

"Tehron bu shartlarni qancha tez bajarsa, atom qurolini yaratish muddati qancha ortga surilsa, sanksiyalar shuncha tez yumshaydi", - dedi Amerika rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG