Breaking News

Amerikada Kongressga ishonch har qachongidan past


Byudjet kamomadini tushirish maqsadida Kongress qoshida tuzilgan super-qo'mita tarkibi
Byudjet kamomadini tushirish maqsadida Kongress qoshida tuzilgan super-qo'mita tarkibi

Kongressdagi qo'shma qo'mita federal byudjet muammosini hal qila olmagani amerikaliklarni hayron qoldirgani yo'q. Qonunchilar o'rtasidagi kelishmovchiliklar yangilik emas. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijasiga ko'ra, amerikaliklarning atigi to'qqiz foizi Kongressni qo'llab-quvvatlaydi. Tarixda bunaqasi bo'lmagan hali. Odamlar partiyaviy nizolar, tortishuvlardan charchagan.

Texas shtatining Xyuston shahrida Vashington siyosatidan norozi ko'plab odamlarni uchratish mumkin.

"Hammasini ishdan olish kerak. Keyingi saylovlarda yangi odamga ovoz berish lozim", - deydi bir odam.

Boshqa birining fikricha, Amerikada siyosiy tuzumni yangilash kerak.

"Arboblar saylanib, ishlash uchun Vashingtonga boradi, ammo hozirgi tizim ularni butunlay o'zgartirib yuboradi", - deydi u.

Britani ismli mana bu yosh juvonning Kongress va prezident Obamadan ko'ngli qolgan. U farzandining kelajagidan xavotirda.

"Va'da bergandan keyin uning ustidan chiqish kerak, axir. Ayniqsa, hokimiyatga kelgach. Kongress gap sotib, vaqtni o'tkazgandan ko'ra xalqqa foydasi tegsa yaxshi bo'lardi", - deydi u.

Hukumat siyosati va moliya tizimiga norozilik bildirib, mamlakat bo'ylab namoyishlar avj olar ekan, "Xyustonni egallang" guruhi bir oydan beri shahar bog'ida palatkalar o'rnatib, piket qilmoqda.

Sheri Dor namoyishlarning birinchi kunidan beri shu yerda. Uning aytishicha, yirik korporatsiyalar Kongressni qo'liga olib, siyosiy partiyalarni murosa yo'lidan qaytarishga harakat qiladi.

"Kongress boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Partiyalar til topishib, hamkorlikda ishlashni bilmaydi. Amerika xalqi hisobiga yashab, siyosiy o'yinlardan bo'shamaydi", - deydi Sheri Dor.

Ayrimlar nazarida muammoning boshqa tomoni shundaki, fuqarolarning o'zi passiv. Siyosatga qiziqmaydi, saylovlarda qatnashmaydi. Shu sabab Kongress va davlat arboblari ustidan nazorat yo'q. So'rov natijalari ham saylovchining siyosatchilardan beziganini ko'rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG