Breaking News

Super-qo'mita kamomadni kamaytira oladimi?


Super-qo'mita kamomadni kamaytira oladimi?
Super-qo'mita kamomadni kamaytira oladimi?

AQSh Kongressi qoshida tuzilgan super-qo’mita davlat qarzini kamaytirishga doir takliflar bilan chiqishi kerak. Vaqt tig’iz. Demokrat va respublikachilardan iborat guruhga 23-noyabrga qadar muhlat berilgan. Byudjet kamomadini 1,5 trillion dollarga qisqartirish oson ish emas.

Qo’shma Shtatlar, ayrim hisoblarga ko’ra, qarzga olgan har bir dollari uchun 40 sent foiz to’lamoqda. 14 trillion dollarga yetgan qarzni kamaytirishdan muhimroq vazifa yo’q. Super-qo’mita aniq tavsiyalar bilan chiqishi uchun bir oycha vaqt qoldi. Ikki partiya murosa qilishga tayyormi?

Demokrat qonunchi Kris Van Xolen kamomadni kamaytirish qo’mitasi a’zolaridan biri.

"Vaqtimiz bor, harakat qilayapmiz. Lekin masala qanchalik murakkab ekanini bilsangiz edi", - deydi u.

Soliqlarni bir oz ko’taraylik degan taklifga respublikachilar yo’q deydi. Ijtimoiy yordam dasturlarini kesishga esa demokratlar mutlaqo qarshi. Kompromiss bo’lishi uchun tomonlar bir-biriga qo’l uzatishi kerakligi hammaga ayon.

Iqtisodchi-olima Alis Rivlin fikricha, yechim albatta topiladi:

"Qo’mita ishiga jiddiy yondashadi, bunga ishonaman. Lekin matbuotda har xil gaplar yuribdi. “Kongressning qo’lidan biror ish keladimi o’zi? Qonunchilar mas’uliyatni unutgan”, degan ma’noda".

Kongress
Kongress

Byudjet muammolariga bag’ishlangan forumda so’zlar ekan, Alis Rivlin AQShni moliyaviy jihatdan jar yoqasida deya tasvirladi. 12 a’zolik super-qo’mitaga o’ta muhim vazifa topshirilgan – mamlakatni ana shu jarlikdan qutqarish. Kelasi 10 yilda 1,2 trillion dollarga teng dasturlar kesiladi. Ham iqtisodiy, ham harbiy sohada.

"Sustkashlik va og’zaki bayonotlar vaqti o’tdi. Shunday holatga kelib qoldikki, hozir maksimum choralar ko’rish kerak", - deydi Rivlin.

Kongress a'zolari mudofaa va ko'plab muhim sohalarga mablag'ni qirqishi kutilmoqda
Kongress a'zolari mudofaa va ko'plab muhim sohalarga mablag'ni qirqishi kutilmoqda

Agar Kongress bir qarorga kelmasa, kesilishlar avtomatik tarzda kuchga kiradi. Mudofaa va ijtimoiy programmalarga bolta uriladi. Respublikachi va demokratlar ana shundan qo’rqadi.

"Raqib partiya bilan kelishib ketamiz deya olmayman. Lekin xalq talabini eshitib turibmiz – qarz muammosini birgalikda hal qilish kerak", - deydi Jon Beyner, Vakillar Palatasi spikeri.

Dunyodagi eng yirik iqtisodiyotni boshqarish ham, moliyalash ham oson ish emas. Hozirgi qarz o’nlab yillab davomida qilingan sarf-xarajat mahsuli. Tavsiya-takliflar quyidagicha: pensiya yoshini ko’tarish, subsidiyalarni qayta ko’rib chiqish, qolaversa yirik banklarga soliq solish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG