AQShda politsiyani isloh qilish bo’yicha takliflar kuchli bahs-munozaraga sabab bo’lmoqda. Vakillar palatasida ovozdan o’tgan qonun loyihasining Senatda ma’qullanishi imkonsiz.
Mamlakat o’tgan bir oyda yirik namoyishlarni boshdan kechirdi. Jorj Floyd ismli qora tanli shaxsning politsiya qo’lida halok bo’lishi ketidan politsiyani isloh qilish zarurat deya ko’rilmoqda. Kongressdagi demokratlar o’z loyihasini Vakillar palatasida ovozdan o’tkazdi.
“Inson huquqlari bobida biz boshqalar uchun mayoq bo’lishimiz kerak. Biz qabul qilgan loyiha Amerikaning o’zida huquqni yaxshilashga qaratilgan”, - deydi Kongress a’zosi Karen Bass.
Demokratlarga ko’ra, ular olg’a surayotgan takliflar AQShda huquq-tartibot madaniyatini o’zgartiradi, xususan, hibsga olinayotgan shaxsni bo’g’ishni taqiqlaydi. Shuningdek, politsiyachilarni suddan himoya qilish amaliyotiga chek qo’yadi. Respublikachilar bunga ko’nmayapti.
“Immunitet bekor qilinsa, politsiyachilar bexosdan qilgan harakatlari va noma’lum bir qonunni buzgani uchun qamalishi mumkin. Ularni qilmishlari uchun javobgarlikka tortish kerak, lekin o’z ishini vijdonan bajargan xodimlarni jinoyatchiga chiqarish yaramaydi”, - deydi qonunchi Debbi Lesko.
Senatdagi respublikachilar olg’a surayotgan yumshoqroq choralar esa demokratlarga ma’qul emas.
“Respublikachilar tayyorlagan qonun loyihasi tishsiz. Qora tanlilarga nisbatan politsiya zo’ravonligini to’xtatish uchun islohot talabi yo’q unda”, - deydi Chak Shumer, demokratlarning Senatdagi sardori.
Muhokama yo’lini to’sib, demokratlar muzokara qilishdan bosh tortdi. Loyihaga o’zgartirishlar kiritsak bo’lardi, deydi senator Tim Skott.
“Yana bir afro-amerikalik fuqaroning o’limi ortidan xalq bizga tashabbus bilan chiqishga imkoniyat berdi. Demokrat do’stlarim esa bu imkoniyatdan foydalanmadi. Ular yo’q deyishdi xolos”, - deydi senator.
Ko’pgina qonunchilar qayta saylanishga tayyorgarlik ko’rar ekan, muxolif tomon bilan ishlashga xohish yo’q.
Demokratik partiyadan vitse-prezidentlikka ehtimoliy nomzod, senator Kamala Harris o’z e’tirozlarini shunday tushuntiradi:
“Respublikachilar loyihasining asosida yotgan narsa shuki, politsiya xodimlariga o’z aybiga iqror bo’lish imkoniyati beriladi. Ya’ni voqea sodir bo’lgandan keyin ular bu haqda xabar beradi, hodisa o’rganiladi va hokazo. Bu yetarli emas”.
Palata va Senatda ma’qullangan loyiha qonunga aylanishi uchun prezident uni imzolashi kerak. Tramp politsiyani himoya qilmoqda.
Demokratlar fikricha, jamoatchilik bosimi ostida respublikachilar oxir-oqibat masala bo’yicha o’z pozitsiyasini o’zgartirishga majbur bo’ladi.
Facebook Forum