Breaking News

Qo'shma Shtatlar suriyalik qochoqlarga eshigini ochadimi?


Suriyalik qiz
Suriyalik qiz

Vakillar palatasida Suriyadagi urushdan qochib chiqqan to’rt million atrofidagi muhojirlarning ayrimlarini AQShga olib kelish xavfsizlik uchun qaday ehtimoliy tahdidlar tug’dirishi mumkinligi haqida tinglov bo’ldi.

Ko’plab qonunchilar nochor ahvoldagi qochoqlarga gumanitar va diplomatik ko’mak ko’rsatish zarurati hamda G’arbdagi xavfsizlikka oid xavotirlar o’rtasida muvozanatni topish kerak, degan fikrda.

Xavfsizlik bo’yicha ichki qo’mita raisi respublikachi Piter Kingning aytishicha, AQSh azaldan faxr bilan muhojirlarga bag’rini ochib kelgan. To’rt yildan beri davom etayotgan Suriyadagi urush tarixdagi eng katta qochoqlar inqirozini keltirib chiqardi, deydi u.

Hukumat rasmiylari hamda xavfsizlik bo’yicha mutaxassislar tahliliga asosan, King va boshqa qonunchilarning xavotir bildirishicha, “Islomiy davlat” kabi jangari guruhlar qochoqlarga ko’rsatilayotgan yordam dasturlari orqali AQSh va Yevropaga hujum uyushtirishi mumkin.

“Rend” korporatsiyasi tahlilchisi Set Jounsning aytishicha, ikki asosga ko’ra Suriyadagi muhojirlar muammosi G’arbga avvalgi inqirozlarga qaraganda ko’proq tahdid solishi mumkin. Birinchidan, deydi mutaxassis, Suriyada xorijlik jangarilar bugun har qachongidan ko’proq bo’sa, ikkinchidan, vaziyat bo’yicha G'arb ixtiyorida razvedka ma’lumotlari yetarli emas.

Suriyalik qochoqlarning aksariyati Turkiya, Livan va Iordaniyaga kelgan. AQSh shu paytgacha faqat 1000 suriyalk muhojirga boshpana bergan. Germaniyaga esa 30 ming atrofida qochoq kelgan.

“Xalqaro qochoqlar” yordam tashkiloti vakili Daril Grisgreyberning “Amerika ovozi”ga aytishicha, suriyalik muhojirlarni qabul qilish jarayoni sekin kechayotgan bo’lsa-da, ularga eng ko’p gumanitar yordam ko’rsatish bo’yicha AQSh birinchi o’rinda turibdi.

“Mintaqaga insonparvarlik yordami ko’rsatishda davom etish juda muhim. Chunki fakt shuki, nafaqat suriyaliklar, balki dunyo bo’ylab barcha qochoqlarning aksariyatini boshqa joylarga ko’chirib bo’lmaydi. Ular bunday himoya olishga loyiq emas”, - deydi u.

Grisgreyberga ko’ra, Suriya o’z fuqarolari yashashi uchun xavfsiz joyga aylanishini ta'minlash maqsadida AQSh va xalqaro hamjamiyat qonli mojaroga siyosiy yechim topish choralarini ham kuchaytirishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG