AQSh Davlat departamenti qonunchilar tanqidiga qoldi. Ayon bo’lishicha, Amerikaning inson savdosi bo’yicha yillik xalqaro hisobotiga Obama ma’muriyatining tashqi siyosatiga mos tuzatishlar kiritilgan. Senat Tashqi aloqalar qo’mitasidagi tinglovda shu haqda gap ketdi.
Jahonning turli burchaklarida aholining zaif qatlami inson savdosi qurboniga aylangan. Qo’shma Shtatlar bu illat ortida turganlarni tanqid qilib keladi.
“Taxminan 27 million inson zamonaviy qullikdan aziyat chekmoqda”, - deydi senator Bob Korker.
“Odam savdosiga qarshi turib berishimiz - farz. Nochor insonlar qul qilib ishlatilmoqda. Jinsiy xizmatga majbur qilinayapti. Jinoyatchilar pul qilayapti”, - deydi Ben Kardin, demokrat senator.
Inson savdosiga doir joriy yilgi hisobotda, masalan, Kuba odatdagidan farqli qattiq tanbeh eshitmadi. Vashington bu yil Gavana bilan diplomatik aloqani tiklagani sir emas. Malayziya ham hisobotda ko’pam tanqid qilinmadi. Mamlakat Obama ma’muriyati olg'a surgan yirik erkin savdo hududining muhim a’zosi.
“Malayziyaga bunaqangi shafqat qilingani bejiz emas. Trans Tinch okeani hamkorlik bitimi sog’-omon ishga tushishi uchun qilingan ish bu deb qo’rqaman. Odam savdosidan ustun ko’rinadi bu masala”, - deydi senator Korker.
“Malayziyada zamonaviy qullik dolzarb muammo ekanidan tashvishdamiz”, - deydi Davlat departamentidan Sara Sevall.
Davlat departamentining bildirishicha, Malayziya illatni obdon tergov qilayapti, jinoyatchilarni jazolayapti.
“Hisobot u yoki bu davlatda inson savdosi bilan bog’liq ahvol qanchalik og’ir ekanini sharhlamaydi. Balki hukumatlarning bu muammoga qarshi kurash ko’lamini baholaydi”, - deydi Sevall.
“Malayziyada yaqin odamini jinsiy savdogarlarga boy bergan insonlar sizning bu gapingizdan taskin topishiga ishonmayman”, - deya javob qiladi Korker.
Davlat departamentining ishontirishicha, hisobot xolis, adolatli ishlab chiqilgan.
“Davlat kotibi Jon Kerri Inson savdosiga doir hisobotni o’zi boshqaradi. Bosh diplomatning malakasi va obro’siga hech kim shubha qilmasa kerak!” - deydi Sevall.
Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida demokrat senator Kardinning taklifi shuki, hisobot va undagi tuzatishlar bundan e’tiboran Kongress tomonidan qayta ko’rib chiqilishi kerak.