Breaking News

Musulmon qonunchilar dindoshlarini faollikka undamoqda


Uyida yasalgan soatni maktabga olib borgani uchun hibsga olingan musulmon o'quvchi Ahmad Muhammad
Uyida yasalgan soatni maktabga olib borgani uchun hibsga olingan musulmon o'quvchi Ahmad Muhammad

Musulmonlar terrorizm va ekstremistik g’oyalarni namoyon qiladi degan tushunchaga qarshi kurashish muhim, dedi AQSh Kongressidagi ikki musulmon qonunchidan biri Andre Karson.

Musulmonlar Amerika jamiyatida ijobiy taassurot qoldirishi kerak, deydi Karson “Amerika Ovozi” urdu xizmatiga bergan intervyusida.

“Musulmonlar huquq-tartibot organlari bilan birga ishlayotgani bois ko’plab terror harakatlarining oldi olindi. Lekin siz bu voqealar haqida hech qachon eshitmaysiz”, - dedi kongressmen Karson.

Yosh musulmon ixtirochi hibsga olingani katta shov-shuv uyg'otdi

Yaqinda uyida soat yasab, uni o’qituvchisiga ko’rsatish uchun maktabga olib borgan musulmon o’quvchi hibsga olinib, qo’liga kishan solingan holda politsiya mahkamasiga olib ketildi.

Maktab ma’muriyati soat bomba bo'lishi mumkin deya shubhalangan. O'quvchiga biror ayb qo'yilmagan.

Kongressga saylangan birinchi musulon qonunchi Keys Ellison o’quvchini himoya qilib, u shu yoshdagi barcha bolalar qilishi kerak bo’lgan ishni amalga oshirgani uchun jinoyatchiga tenglashtirilganini aytdi.

Ahmad bilan bog’liq voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo’ldi. “Twitter”da “Men Ahmad bilan birgaman” degan yozuv bir million martadan ortiq tarqatilgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Ahmadni Oq uyga taklif qildi. “Facebook” asoschisi Mark Zukerberg ham u bilan uchrashish niyatida ekanini bildirdi. NASA tadqiqotchisi esa ikki yildan so’ng Ahmadga ish taklif qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.

“Qo’rquv muhiti”

Kongressmen Ellisonning aytishicha, musulmonlar AQShga ko’p foyda keltira oladi. Jamiyat mana shuni ko’ringanidan keyin ularga munosabat yaxshilanadi, deydi u.

“AQSh bo’ylab kam ta’minlangan oilalar yashovchu hududlarda musulmonlar tashkil qilgan va yuritayotgan 30 ta klinika bor. U yerlarga har qanday e’tiqoddagi odam borib tibbiy yordam olishi mumkin. Ko’plab musulmonlar saylovlarda qatnashyapti, bepul huquqiy maslahatlar beryapti, bizneslar tashkil etib, odamlarni ish bilan ta’minlayapti”, - deydi Ellison.

Ayrim musulmon tashkilotlarga ko’ra, musulmonlardan nafratlanuvchi ba’zi toifalar “qo’rquv muhiti”ni yaratishga urinmoqda. Amerika-Islom aloqalari kengashining aytishicha, yosh musulmon o’quvchiga bo’lgan munosabat buning yaqqol misolidir.

Kongressmen Ellisonning e’tirof etishicha, AQShda musulmonlarni yomon ko’ruvchilardan ko’ra ularga adolat bilan munosabat qiladigan odamlar ko’proq.

“Bu buyuk davlat va ko’pchilik biz bilan. Ko’plab o’quv yurtlari Muhammadni taklif qildi. Biz nafrat urug’ini sochuvchilarga bo’yin egib, ortga chekinmasligimiz kerak”, - deydi qonunchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG