"Amerika Ovozi" AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Bob Korker bilan eksklyuziv suhbat o'tkazdi. Unda respublikachi qonunchi Suriya tinchlik muzokaralari, Eron yadro dasturi yuzasidan erishilgan kelishuv, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash hamda Rossiya bilan munosabatlar kabi qator masalalar bo'yicha fikr bildirdi.
Amerika Ovozi: Suriya mojarosiga yechim topishga qaratilgan Jeneva anjumani endi boshlandi. Diplomatik harakatlar natijasida Assad hokimiyatdan ketib, zo'ravonliklar to'xtashiga ishonasizmi?
Senator Korker: Bu juda qiyin masala. Biz bilan aloqa qilayotgan muxolifat noqulay vaziyatga tushib qolgan. Hozirgi holatda bunday natijaga erishish juda qiyin. Diplomatik muzokaralarni qo'llab-quvvatlayman. Ammo sharoit bunga uncha mos emas. Voqealar o'zgarib turibdi. Rossiya bu yoqda ta'sirini oshirib boryapti. Vaziyat o'zgarib borar ekan, qoniqarli natijaga erishish qiyin bo'ladi.
Amerika Ovozi: Prezident Assad o'z ixtiyori bilan ketishiga umid qilsa bo'ladimi?
Senator Korker: Ayni paytdagi vaziyat uning foydasiga ishlayapti. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari ham ta'sir qilmadi. Bochkali bombalar yog'dirishda davom etyapti. Bunday vaziyatda undan buni kutish qiyin.
Amerika Ovozi: Siz Eron bilan imzolangan yadro bitimini keskin tanqid qilgansiz. Hozir kelishuv amalda. Uning samara berishini xohlaysizmi? Respublikachilar hukmron Kongress bu masalada qanday yordam bera oladi?
Senator Korker: Eronga ko'p yon bosilgani uchun kelishuvni yoqtirmadim. Eron hozir ilgari bo'lmagan ko'plab resurslarga ega. Yadro qurolini rivojlantirish bo'yicha tadqiqotlarni davom ettirishi mumkin. Albatta, bitimdan foyda chiqishini, mintaqa uchun ijobiy bo'lishini xohlayman. Eronni nazoratda ushlab turish uchun hamma narsani qilish kerak. Agar Eron shartnomaning biror bandini buzsa, oqibati jiddiy bo'lishi haqida ogohlantirib turishimiz kerak.
Amerika Ovozi: Senatdagi bir necha respublikachilar kelasi yil Oq uyga yangi prezident kelishi bilan bitimni bekor qilish kerak, deyapti. Senatdagi ayrim hamkasblaringiz ana shu yangi prezident bo'lishdan umidvor. Bu kelishuvga erishishda AQShning yaqin hamkorlari yordam berdi. Bitimni bekor qilib, ulardan yuz o'girib ketish to'g'ri bo'ladimi?
Senator Korker: Ittifoqchilarimizdan ko'nglim qoldi. Yakuniy kelishuvga ko'plab iqtisodiy manfaatlar ta'sir qildi. Yangi prezident kelsa, masalaga aql bilan yangidan yondashadi. Bitim shartlari buzilgan bo'lsa, shunga e'tibor beriladi. Har qanday prezident vaziyatni baholab, Eron yadro qurolini qo'lga kiritishiga to'siq qo'yishda eng yaxshi yo'lini qidiradi.
Amerika Ovozi: "Islomiy davlat" jangari guruhi oxirgi janglarda ancha talafot ko'rdi. Ayni paytda uning tarmoqlari Liviyadan Afg'onistongacha yoyilgan. Siz AQShni kurashni kech boshlaganlikda va yetarli resurslarni ajratmaganlikda aybladingiz. Hali ham shu fikrdamisiz?
Senator Korker: Yaqinda Qatarda bo'ldim. U yerda havo amaliyotlarini boshqarayotgan harbiylarimiz ishidan ko'nglim to'ldi. Keyin Afg'onistonga bordim. U yerda qo'shinlarimiz "Al-Qoida"ga qarshi kurasha oldi, ammo "Islomiy davlat"ga qarshi chora ko'rolmayapti. Bu mantiqsizlik. Yaxshiyamki, Mudofaa vaziri Eshton Karter bu narsani o'zgartirdi. Ammo kechikdik. Hamma bu fikrga qo'shilsa kerak. Ularning bugungi darajaga yetishiga ko'p narsa sabab bo'ldi. Tarixga nazar solishimiz mumkin. 2011-yil AQSh Iroqdan qo'shinlarini chiqarib, bo'shliq hosil bo'lishiga sabab bo'ldi. Men Davlat kotibi Jon Kerri bilan gaplashdim. Umid qilamanki, "Islomiy davlat"ning Afg'oniston, Liviya va boshqa joylarga tarqalishiga qarshi amaliyotlarimiz kuchayadi.
Amerika Ovozi: AQSh Moliya vazirligi Putinni korrupsiyaga botgan odam deb ta'rifladi. Buni ertaroq aytish kerak emasmidi?
Senator Korker: Rossiya xalqi rahbarlari juda katta miqdorda shaxsiy boylik orttirayotganini anglay boshladi. Bu Rossiyani yanada beqarorlashtiradi. KGB odami (Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov haqida) qanday qilib hukumatga kelib, buncha boylikka ega bo'lishi va odamlar ko'rsin deb dabdabali to'y o'tkazishi mumkin? Davlat idorasidagi odam quruq maoshga milliardlab shaxsiy boylik orttirishi mumkin emas. Korrupsiya aralashgani aniq. Ko'proq odamlar buni tushungani sari rejim yanada beqarorlashib boradi.