Breaking News

Ekspert: Musulmonlar internetda "Islomiy davlat"ga qarshi faolroq kurashsin


Riyod, Saudiya Arabistoni
Riyod, Saudiya Arabistoni

Suriya va Iroqda katta hududlarni egallab olgan "Islomiy davlat" jangari guruhi ijtimoiy tarmoqlardagi propaganda orqali minglab yoshlarni o'z safiga yollagan. Ekspertlar deydiki, bunga qarshi kurashda musulmonlar faol bo'lishi kerak.

Jangarilar da'vosiga ko'ra, dunyo bo'ylab musulmonlar yo'q qilinmoqda. Shuning uchun xalifalik qurish hamda bu yo'lda jang qilish har bir musulmonga farz, deydi ular.

Masjidda Amerika musulmonlari bilan uchrashgan Prezident Barak Obama yoshlarni IShID kabi terrorchi guruhlarning yolg'onlaridan ogoh bo'lishga chaqirdi.

"IShID kabi to'dalar ishonch qozonishga zor. Ular o'zlarini diniy rahnamo, islom nomidan gapiradigan mujohidlar sifatida ko'rsatishga urinadi. Men buni qabul qila olmayman. Ularga hech qachon bunday mavqeni berib qo'ymasligimiz kerak", - dedi Obama.

Prezidentning qayd etishicha, "Islomiy davlat" to'dasi qo'lida jon berayotganlarning aksariyati begunoh musulmonlar, ayollar va bolalardir.

AQSh Davlat departamentining Terrorizmga qarshi aloqa markazi sobiq rahbari Alberto Fernandezning aytishicha, musulmonlar terrorchilar tarqatayotgan g'oyalariga qarshi birgalikda kurashishi lozim. Bu ishda ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish kerak, deydi u.

"E'tiqodi kuchli, ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi ishlay oladigan musulmonlar ekstremistlarga qarshi kurashishi lozim. Ularni yo'llaridan qaytarish bilan shug'ullanadigan professional odamlar bo'lishi kerak", - deydi u.

O'tgan yil terrorchi guruhga qarashli hududlarning 40 foizi harbiy yo'l bilan qaytarib olingani guruhning har doim g'alaba qozonishi haqidagi da'volarining soxta ekanini ko'rsatib berdi, deydi Fernandez. Unga ko'ra, g'oyaviy kurashda ham ana shunday muvaffaqiyatlardan foydalanish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG