Breaking News

Matbuot erkinligi keskin cheklangan 10 davlat


Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda matbuot anjumani... Qirollik axborot vositalari faoliyati eng cheklangan jamiyatlardan biri.
Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda matbuot anjumani... Qirollik axborot vositalari faoliyati eng cheklangan jamiyatlardan biri.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) dunyoda matbuot eng keskin cheklangan 10 davlat ro'yxatini e'lon qildi: Xitoy, Eritreya, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Eron, Efiopiya, Ozarbayjon, Vyetnam, Birma va Kuba.

Bu mamlakatlarda muxbirlar qamaladi, internet qattiq nazorat qilinadi, deyiladi tashkilotning yillik hisobotida.

Qamoqdagi jurnalistlar soni bo'yicha Xitoy dunyoda birinchi o'rinda. Bu mamlakatda 44 muxbir panjara ortiga tashlangan.

Eronda esa hukumat siyosatiga tanqidiy fikr bildirgan jurnalistlar sababsiz qamalishi mumkin.

Dunyo bo'ylab 200 muxbir qamoqda.

“So'nggi uch yil jurnalistlar uchun eng yomon davr bo'ldi. Qotilliklar, qamoqqa tashlashlar, ta'qiblar ayniqsa kuchaydi. Oxirgi besh yilda 400 dan ziyod muxbir mamlakatini tashlab chiqishga majbur bo'ldi", - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi xodimi Kortni Redsh.

Eng uzoq paytdan beri panjara ortida o'tirgan jurnalist O'zbekistonda - "Erk" muxolif gazetasi bosh muharriri Muhammad Bekjon. U 1999-yilda davlatga qarshi jinoyatlarda ayblanib sudlangan.

Unga ko'ra, ayrim mamlakatlarda internetda senzura kuchaygan. Shimoliy Koreyada oddiy xalq global tarmoqqa kirolmaydi, Kubada esa bloggerlar maqolani internetga qo'yish uchun xorijiy elchixonalar va mehmonxonalardagi internet aloqadan foydalanishga majbur.

Xitoyda 642 million internet foydalanuvchi uchun ayrim saytlarga kirishga to'siq qo'yilgan.

“Senzura axborot oqimini cheklaydi. Undan o'tish uchun ilg'or bilimga ega bo'lish zarur, proksilardan foydalanishni bilish kerak", - deydi Kortni Redsh.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarni matbuot erkinligi bobida ahvol og'ir jamiyatlar deb hisoblaydi va jurnalistlarning huquqlarini hurmat qilishga chaqirib keladi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un mamlakatni temir panja bilan boshqaradi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un mamlakatni temir panja bilan boshqaradi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG