Amerikada asoslangan PEN markazi qamoqda o'tirgan jurnalistlarni quvvatlab keladi va har yili maxsus mukofot beradi. Bu yilgisi Ozarbayjonda korrupsiya hollarini yoritib tanilgan Xadicha Ismoyilovaga nasib etdi.
Ismoyilova besh oydan beri hibsda. Unga qarshi tergov ishi ochilgach, sud uni panjara ortida saqlashni buyurgan. Jurnalist josuslikda gumon qilinmoqda.
Tergovchilarning aytishicha, Ismoyilova chet el agenti sifatida faoliyat olib borgan. Jurnalist esa gap uning materiallarida ekanini aytadi. Ismoyilova davlat rahbaridan tortib, quyida o'tirgan mansabdorlarning mamlakatni qanchalik o'marayotgani, xalq mulkini yeb, qora oltindan tushgan daromadni yashirayotgani haqida maqolalar yozgan va radio jurnalist sifatida asosiy diqqatni shu mavzularga qaratib kelgan.
U ishlagan "Ozodlik" radiosi va bu tashkilotni boshqaradigan Amerika Xalqaro teleradio kengashi nazarida, Xadicha Ismoyilova jasur jurnalist, haqiqat va adolat tarafdori.
PEN tashkiloti ham uni aynan shu jihati uchun, panjara ortida o'tirib ham oshkoralik talab qilayotgani uchun taqdirlamoqda. Hibsdan yozgan maktublarida jurnalist tizimni bugun yanayam ichkaridan bilishi va adolat uchun kurash naqadar muhim va zarur ekani haqida yozib keladi.
13-aprel kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga yuborilgan ochiq xatda 20 tahlilchi, faol va sobiq diplomatlar Vashingtondan jurnalistni ozod etish uchun chora ko'rishni so'raydi. Obama ma'muriyati erkinlik himoyachisi bo'lsa, Ozarbayjonning repressiv hukumati qilmishlariga ko'z yuma olmaydi, deyiladi unda, Baku-Vashington hamkorligi loqaydlikka asoslanmasligi kerak.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Prezident Ilhom Aliyev va uning hukumatini matbuot erkinligini buzmaslikka, jurnalistlar huquqlarini toptamaslikka, jamiyatda adolatni ta'minlashga chaqirmoqda. A'zo davlat sifatida Ozarbayjon o'z majburiyatlariga ega va unga bosh egishi kerak, deydi tashkilot rasmiylari.