Breaking News

Tatarlar Ukraina orqali Qrim yarim orolini iqtisodiy blokada qilmoqchi


Mustafo Jemilev: Qrimni blokada qilamiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:29 0:00

Qrimning Rossiya tarkibiga qo'shib olinishidan norozi tatarlar yakshanbadan boshlab yarim orolni iqtisodiy jihatdan blokada ostiga olishga harakat qiladi. Qrimga oziq-ovqat mahsulotlari, yonilg'i va boshqa ehtiyoj tovarlari, asosan, Ukraina hududi orqali kiradi. "Amerika ovozi“ qrim-tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilev bilan shu mavzuda suhbatlashdi.

Qrim blokadasi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00

"Qrimda qamal holati" nomli kampaniya 20-sentabr kuni soat 12:00 dan boshlab yarim orolni Ukraina bilan bog'lab turgan barcha yo'llarni to'sib, oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan yuk karvonlarini o'tkazmaslikni maqsad qiladi.

"Biz yarim orolga joylashtirilgan Rossiya harbiy qismlarini boqish maqsadida emasmiz. Mazkur tashabbus ko'tarilgach, go'yo biz Qrimni ochdan o'ldirishni maqsad qilayotganimiz haqida turli gaplar tarqatildi. Ammo ijozat eting, siz Qrimni bosqin qildingiz, shunga qaramasdan Ukraina Qrimni boqishda davom etishi kerakmi? Qolaversa, bu hozir ta'kidlanayotgani kabi to'laqonli iqtisodiy blokada emas, gap faqat ayrim cheklovlar, ayniqsa, kontrabanda orqali olib kirilayotgan iste'mol tovarlari haqida ketmoqda“, - deydi Jemilev.

Qrim Ukrainaning Xerson viloyati bilan tutash. Qamal rejasiga ko'ra, viloyatni Qrim bilan bog'lab turgan uchta yo'nalishning barchasida yuk avtomobillarini to'xtatuvchi postlar o'rnatiladi. Ammo cheklov yo'lovchi transportlariga, fuqarolar qatnoviga xalaqit bermasligi aytilmoqda. Qamal amaliyotida, asosan, Milliy Majlis faollari ishtirok etadi.

Qamal chorasi yarim oroldagi vaziyat, xususan, Rossiya ishg'oliga qarshi bo'lgan qrim-tatarlar huquqlariga oid ahvol yanada og'irlashishi ortidan qo'llanilmoqda.

"Vatanimiz ishg'ol qilingan paytda qanday savdo aloqalari haqida gap borishi mumkin? Qrimda bosqinchilar hukmron bo'lsa, o'z noroziligini kichik bir ko'rinishda bildirganlar ham, siyosiy qarashi Putinnikidan farq qilayotganlar ham keskin repressiya qilinayotgan bo'lsa? Shuning uchun ham biz aytayapmiz, agar biz bilan gaplashmoqchi bo'lsangiz, o'zingizni sal mas'uliyatliroq tuting. Qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod eting. Ukraina boshqaruvi davrida amalda bo'lgan demokratik normalarni qaytaring. Qrim-tatar yetakchilarini vataniga kirishiga qo'yilgan to'siqlarni olib tashlang! Yarim oroldagi inson huquqlariga oid vaziyatni monitoring qilish istagidagi xalqaro tashkilotlarga eshiklarni oching!“, - deydi Mustafo Jemilev.

Tatarlarning asosiy qismi qamal chorasi qo'llanilayotgan yarim orolda yashaydi. Bu chora ular turmushiga ham tasir o'tkazishi aniq. Ammo Mustafo Jemilevga ko'ra, Qrimga ma'lum cheklovlar kiritish aynan yarim oroldagi tatarlar tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

"Bu ko'proq ishg'ol qilingan hududda qolayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ko'tarilgan tashabbus. Ular aytishayapti, biz qiyinchiliklar bo'lishiga tayyormiz, ammo vatanni ozod etish uchun nimadir qilish kerak. Okkupantlar tatarlar, sanoqli odamlardan tashqari, hech qachon bu bosqinni qabul qilmasligini yaxshi biladi, chunki xalq uchun biror kelajak yo'q. Shuning uchun ham hozir mahalliy aholini qo'rqitish, shu yo'l bilan ularni yarim oroldan ko'chirib yuborishga zo'r berilmoqda. Qrim-tatarlar hibs qilinmoqda, ular uyida tinimsiz tintuvlar o'tkazilmoqda“, - deydi Jemilev.

Qrim-tatarlar tashabbusi Ukraina jamoatchiligi va mamlakat parlamenti tomonidan ham qo'llab-quvvatlangan.

Avvalroq prezident Poroshenko Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzolagan edi. Ukrainaga qarshi harakatlarda ayblanib, mamlakatga kirishi taqiqlanganlar ro'yxatidan 400 dan oshiq shaxslar, Rossiyaga tegishli 100 ga yaqin tashkilot joy olgan.

Jazo choralari ro'yxatida jurnalist va blogerlar ham borligi keskin tanqidga uchragach, Poroshenko bir nechasini ro'yxatdan chiqarish haqida ko'rsatma berdi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan yaqinda e'lon qilingan Qrimdagi inson huquqlariga oid hisobotda yarim orolda yashayotgan tatarlar va ukrainlarning siyosiy huquqlari buzilishi doimiy ko'rinish olayotgani ta'kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG