Breaking News

Qrim-tatar faollar Putinni adolatsizlikda aybladi


Rossiya prezidentiga qadimiy Qrimda hokimiyat ramzi hisoblangan “Oltin beshik” yodgorligi sovg’a qilindi. Qrim-tatarlar g’azabda.
Rossiya prezidentiga qadimiy Qrimda hokimiyat ramzi hisoblangan “Oltin beshik” yodgorligi sovg’a qilindi. Qrim-tatarlar g’azabda.

Rossiya rahbari Vladimir Putinning Qrimga qilgan safari Kiyevda keskin tanqid qilindi. Putin yarimorolda mahalliy xalq vakillari, jumladan qrim-tatarlar bilan ham uchrashdi. Parlament raisi o’rinbosari, “Qrim” jamoatchilik harakati rahbari Remzi Ilyasov, musulmonlar boshqarmasi raisi xo’ja Emirali Abalayevlar uchrashuvlarda ishtirok etgan.

Tatarlar Putinning Qrim safari va gaplaridan g'azabda - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:48 0:00

Rossiya prezidenti ularga qrim-tatarlar uchun alohida maqom, vakolatlar bo’lmasligini aytgan. Putin huquq himoyachilarini vaziyatni beqarorlashtirish harakatida ayblagan.

“Biz gap kimlar haqida ketayotganini yaxshi bilamiz. Bu odamlar uchun kimning, nimaning huquqlarini himoya qilish farqsiz. Asosiysi xorij grantlarini olish, siyosiy karyeraga erishish”, - degan Putin.

Milliy majlis faollaridan biri Erfan Quddusov Putining Qrimga safaridan qrim-tatar xalqi uchun ijobiy biror natija bo’lmasligi avvaldanoq ravshan edi, deydi.

“Ukraina bu tashrifga qarshi. Rossiyaning elchisini chaqirib, noroziligini bildirdi. Qrim-tatarlar ham xuddi shunday munosabatda. Bundan tashqari Putinning Qrimda qilgan bayonotlari mutlaqo mantiqqa zid. Ayniqsa uning qrim-tatarlarni o’zlariga alohida bir maqom talab qilmasliklari kerakligi haqida aytgan gaplari… Bu narsa xalqaro huquq normalariga mutlaqo to’g’ri kelmaydi. Chunki qrim-tatar xalqining huquqlari aynan milliy kelib chiqishga ko’ra toptalgan, shuning uchun ham bu huquqlar alohida tarzda, milliy haq-huquqlar yuzasidan tiklanishi kerak. Shu sababdan qrim-tatarlar uzoq yillardan buyon alohida huquqiy maqomni talab qilib kelishmoqda”, - deydi Erfan Quddusov.

Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishi ortidan aynan qrimliklarning haq-huquqlarni himoya qilib kelgan yetakchilar Mustafo Jemilev, Refat Chubarov, shuningdek, bir necha huquq himoyachilarining Qrimga kirishi taqiqilandi.

So’nggi paytda esa tatar tilidagi matbuotning ham Qrimdan badarg’a qilinayotgani kuzatiladi. Mahalliy hukumat ta'qiblari ortidan ATR televideniyesi, Qrim axborot agentligi Kiyevga ko’chishga majbur bo’ldi. Qrimda nafaqat jurnalistlar, balki huquq himoyachilarining faoliyati ham juda qiyinlashgan.

“Putin rahbar sifatida huquq himoyachilariga mutlaqo qarshi kayfiyatdagi odam, bu xoh Rossiyaning o’zida, Qrimda yoki boshqa bir joyda bo’lsin. Rossiyada huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlar, Qrim bosib olingach bu yerga ham ko’chdi. Uning huquq himoyachilari grantlar yoki boshqa bir yolg’on maqsadlar uchun xizmat qilishi haqidagi gaplari esa eski safsata. Huquq himoyachilarining xalqaro grantlar asosida faoliyat yuritishi hech kimga sir bo’lmagan, xalqaro miqyosda normal qabul qilinadigan tajriba”, - deydi Erfan Quddusov.

Yarimoroldagi uchrashuvda Rossiya prezidentiga qadimiy Qrimda hokimiyat ramzi hisoblangan “Oltin beshik” yodgorligi sovg’a qilindi. Milliy Putin uchun hozirlangan bu sovg’a qrim-tatarlarni g’azabga keltirgan.

Taniqli huquq himoyachilaridan biri Eskandar Bariyev fikricha, Qrimni bosib olgan mamlakat prezidentiga bunday sovg’aning topshirilishi - millat ozodligini, oriyatini, mustaqillik harakatini tahqirlashdir.

Putinning Qrimga safari Ukraina va Yevropa Ittifoqida norozilik uyg’otdi. Ukraina rahbari Petro Poroshenko bu tashrifni tahdid sifatida baholadi. Kiyev va Moskva norozilik notalari almashdi. Kreml pozitsiyasi shuki, Putinning safari - Rossiyaning ichki ishi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG