Qrimning Rossiyaga qo'shib olinganiga bir yil bo'ldi. AQSh va Ukraina esa buni bosqinchilik deya keskin qoralab keladi. Qrim-tatar Majlisi yarimorolning Ukraina tarkibiga qaytishidan umidvor.
Huquq himoyachilarining aytishicha, Qrimning aholisi qattiq nazorat ostida kun kechirmoqda, huquq va erkinlik cheklangan.
Milliy Majlis raisi Refat Chubarov va Ukraina Ombusdmani Tatyana Lutkovskaya BMTning inson huquqlari bo'yicha Jenevada o'tgan sessiyasida shu haqda ma'ruza qildi.
Ukraina parlamenti ham mintaqada inson huquqlari, so'z erkinligiga oid vaziyat muhokamasiga kirishgan.
Moskva bu sanani Qrim qo'shib olinishi tarixiga oid ishlangan “Крым. Путь на родину” filmi namoyishi bilan nishonladi.
Filmda prezident Vladimir Putin hozirgacha rad etib kelingan ayblov - Moskva Qrimni olish maqsadida ish boshlagani va buning uchun yarimorolga maxsus qo'shinlar jo'natganini ochiq tan oldi.
Ekspertlar so'zlariga ko'ra, Rossiya tarkibida o'tgan bir yil dastlab rossiyaparast aholi umidlarini ham puchga chiqara boshladi.
“Bir yil mobaynida Qrimdagi iqtisodiy vaziyatda cho'kish kuzatildi. O'nlab korxonalar to'xtadi, ish o'rinlari qisqardi. Eng yomoni esa so'z erkinligi bilan bog'liq vaziyat, fikr erkinligi, mitinglar, namoyishlar o'tkazish huquqi keskin yomonlashdi, aholini ommaviy tarzda qo'rqitish usuliga o'tildi. Rossiya axborot vositalari yordamida amalga oshirilayotgan bu vahimaga yarimoroldagi noqonuniy jangari guruhlar dastak bo'lib turibdi. Odamlarda ommaviy qo'rquv hukmron. Avval Qrimning Rossiyaga kirishini yoqlagan aholi qismida ham bugun pushaymonlik kayfiyati kuchaygan”, - deydi Kiyevdagi "Maydan zakardonnih sprav" (Tashqi aloqalar maydoni) tashkiloti xodimi, tadqiqotchi Erfan Quddusov.
Qrimni Ukraina taribiga qaytarish umidi Qrimda ham, Kiyevda ham, ukrain jamoatchiligida ham yo'qolmagan. “Maydan zakardonnih sprav” markazi bu borada hukumatga o'z tavsiylarini ham taqdim etgan.
“Qrimni qaytarish strategiyasi” nomli bu hisobotda hududga nisbatan iqtisodiy blokada joriy etish, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish, Rossiya bosqiniga qarshi turgan aholi qatlamini keskin qo'llab-quvvatlash tavsiya qilinadi.
Erfan Quddusovning aytishicha, hozir hukumat Qrimni qaytarish bo'yicha aniq bir strategiyaga ham, siyosatga ham ega emas, hatto Qrimdan Kiyevga ko'chib kelayotgan aholi bilan ishlash ham yo'lga qo'yilmagan, informatsion bo'shliq majvud.
“Qrimni qaytarish siyosatini shakllantirish uchun kompleks choralar zarur, ularning eng asosiysi Rossiyaga va Qrimga nisbatan xalqaro va ichki doiradagi keskin sanksiylarning joriy etilishi, harbiy ishtirokni ta'minlash, eng asosiysi esa yarimorolning tub aholisi - qrim-tatarlar vositasida yaxlit Ukraina tarafdori bo'lgan qatlamni shakllantirish, afsuski, hukumatda bu boradagi strategik planning o'zi yoq”, - deydi Quddusov.
Qrim-tatarlar Rossiya bosqinida jabr ko'rish bilan birga, yarimoroldagi tazyiqlarning ham asosiy nishoniga aylangan. Ukraina hukumati 2015-yilgi vaziyatga oid e'lon qilgan hisobotida bunga alohida e'tibor qaratiladi.
Ukraina prezidentining qrim-tatarlar bo'yicha maslahatchisi Arsen Jumagulov:
“Biz bu ma'ruzada 2015-yilda ham qrim tatarlar yo'liqayotgan muammolarga e'tibor qaratdik. Albatta, bu muammolarning asosiysi bu ishg'ol etilgan Qrimda, shuningdek, Ukraina qonunchiligi doirasida ham. Birinchidan, qrim tatarlarini tub xalq sifatida tan olish kerak, bu haqdagi munozaralarga nuqta qo'yish vaqti yetdi. Ikkinchidan, Qrimdan Ukrainaga kelishga majbur bo'layotgan qrim-tatarlar huquqini qonunchilikka ko'ra belgilash, bu ish yuzasidan hozirgacha hech narsa qilinmagan. Biz surgunga tushgan xalq sifatida butun huquqlarimiz tiklanishi lozimligini ta'kidladik. Qrimda ham bizning xalqimiz boshiga yog'dirilayotgan zulmlarning yaqin yillarda bitishiga umid izhor etganmiz”, - Jumagulov.
Qrimning majburan Rossiya tarkibiga qo'shib olinishini qrim-tatarlar keskin norozilik bilan kutib oldi. Ayni paytda bu bosqinga qarshi namoyishga chiqqan bir necha faollar hibsda qolmoqda, ayrimlari esa surgun qilingan.