Ukrainada yakshanba kuni parlamentga saylovlar o'tib, Prezident Petro Poroshenko va Bosh vazir Arseniy Yatsenyukning partiyalari eng ko'p ovoz oldi. Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilev Poroshenkoning siyosiy bloki tarkibida deputatlikka o’tadi.
Jemilev “Amerika ovozi” bilan suhbatda yangi parlament Qrim masalasida konstitutsion o'zgarishlar qilishiga, bu Ozbekistondagi qrim tatarlari uchun ham imkoniyatlar berishiga umid bog'lamoqda.
Mustafo Jemilev bilan suhbatimiz parlament saylovlarining dastlabki natijalari ortidan g'alabasini tantana qilayotgan Poroshenko blokining saylov shtabida o'tdi. U blok e'lon qilgan nomzodlar ro'yxatida beshinchi o'rinda ko'rsatilgan. Ro'yxat boshida deputatlikdan voz kechishini aytgan Kiyev meri Vitaliy Klichko turibdi, Milliy Majlis yetakchilaridan yana biri, ro'yxatda 71-o'rinda kelayotgan Refat Chubarovda ham parlamentga o'tish imkoni bor.
Qrim tatar yetakchilarining Ukraina parlamentida bo'lishi okkupatsiyadagi qrimliklar uchun, shuningdek, O'zbekistondagi qrim tatarlari uchun nimani anglatadi?
“O'z tarixiy vataniga qaytishni o'ylayotgan O'zbekistondagi qrim tatarlari hozir qanday murakkab vaziyatda turganini yaxshi bilaman. Totalitar rejim tomonidan bosqin qilingan vatanga qaytishni hamma ham xohlamaydi. Ammo biz endi o'z tarixiy vataniga qaytishni istayotgan vatandoshlarga imkoniyat yaratish uchun aniq bir choralar ustida ish boshlaymiz. Ular hech bo'lmaganda Qrimga yaqin bo'lgan hududlarga, masalan, Xerson viloyatiga ko'chib kelishlari uchun harakat qilamiz. Shu maqsadda Xerson viloyatida uy-joy qurilishini boshlash, sharoitlar yaratish rejasi ham bor. Maqsad Qrim ozod qilingach, ularning o'z tarixiy vatanlariga ko'chishini osonlashtirishdir”, - deydi Jemilev.
Qrim tatarlari yetakchisiga ko'ra, parlament saylovlarining dastlabki natijalari ijobiy o'zgarishlardan, Ukraina manfaati, bosqin qilingan hududlarni qaytarib olish uchun kurashga tayyor parlament shakllanishidan darak bermoqda.
“Dastlabki ma'lumotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, parlamentda ko'pchilikni Ukraina mustaqilligiga xayrixoh, okkupatsiyaga qarshi kuchlar tashkil qilishining o'zi katta yutuq. Bu yarmi sotqin deputatlardan iborat bo'lgan avvalgi parlament bo'lmaydi. Hozir vaziyat keskin o'zgardi. Afsuski kech, bo'ladigan narsalar esa allaqachon bo'lib o'tdi”, - deydi Jemilev.
Milliy Majlis tomonidan surilayotgan loyiha okkupatsiya ostidagi Qrim boshqaruvini Ukraina hududiga ko'chirishni nazarda tutadi. Bu loyihaga ko'ra, Ukrainaning ayrim hududlari, xusuan Xerson viloyatini ham o'z ichiga olgan, boshqaruvi okkupatsiyadan xoli Qrim respublikasi tashkil etilishi kerak. Ukraina konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritishni talab etuvchi bu loyiha avval prezident Poroshenko, Bosh vazir Yatsenyuk bilan ham muhokama qilingan.
“Mamlakat konstitutsiyaga bunday o'zgarishlar kiritish parlamentda 300 dan ortiq ko'pchilik ovoz bo'lishni talab etadi. Biz yangi parlamentda shunday ko'pchilik ovozni yig'ishga urinib ko'ramiz. Bizning fikrimizcha, bu loyihaning amalga oshishi hozirgi vaziyatdagi eng maqbul yo'l bo'lardi”, - deydi Jemilev.