Breaking News

Ekspertlar: Markaziy Osiyo beqaror kelajak ostonasida


Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Xitoy va Tojikiston harbiylarining 2012-yil o'tkazgan qo'shma harbiy mashqidan.
Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Xitoy va Tojikiston harbiylarining 2012-yil o'tkazgan qo'shma harbiy mashqidan.
Jorj Vashington Universitetida o’tgan ikki kunlik ilmiy anjumanda Markaziy Osiyo davlatlaridagi ichki ziddiyat va beqarorlik xavfi alohida muhokama qilindi. Mutaxassislar nazarida Qirg’izistondan tashqari barcha davlatlarda nisbiy barqarorlik hukm surmoqda. Ammo fuqarolik jamiyati ichdan yemirilib, davlatlar siyosiy inqiroz yoqasiga yaqinlashmoqda, deydi ular.

Markaziy Osiyo kelajagi muhokamada, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:46 0:00
Yuklab oling

Vashingtondagi nufuzli ilm dargohiga yig’ilgan amerikalik siyosatshunoslar fikricha, Markaziy Osiyoda uzoq yillardan beri hukm surayotgan siyosiy barqarorlik ortida kuchli ichki ijtimoiy ziddiyat turibdi. Fuqarolik jamiyati, infratizimlar hamda ular ketidan siyosiy institutlar inqirozga yuz tutishi mumkin, deydi ular. Xususan, mustaqil ekspert Sara Kendziorga ko’ra, O’zbekiston mustaqillikka erishganidan beri mavjud imkoniyatlarni faqat yo’qqa chiqarish bilan band.

“Bir davlat jar yoqasida qanchagacha turishi mumkin? Mutaxassslar shu savolni nazardan qochiryapti. O’zbekiston uzoq yillardan beri jar yoqasida. Agar davlatchilik qulasa, xalqaro hamjamiyat tezda yordam berishga shoshiladi. Nimadir chora ko’rish majburiyati ostida bo’ladi. Ammo jamiyat ochiq parokandalikka yuz tutmasdan, repressiya va tazyiqlar jim va yopiq tarzda davom etsa, biz hech narsa qila olmaymiz. Inson huquqlari ashaddiy toptaladigan, fuqarolik jamiyati yakson qilingan davlatlarda inqiroz yuz beradigan so’nggi kunni kutib o’tirmasdan, kerakli choralarni darhol ko’rish kerak”, - deydi tahlilchi.

Sara Kendzior nazarida 20 yil oldingi O’zbekiston bilan bugungi O’zbekiston o’rtasida farq deyarli yo’q. Mustaqil yangi davlat dunyoga kelgan kundan beri mamlakat faqat bir rahbarni, sovet davridan qolgan eski repressiv tuzumni ko’rdi, deydi u.

“O’zbekistonning kelajagini bashorat qilish uchun o’tmishini bilishimiz kerak. O’zgarishlarni umid qiladigan bo’lsak, o’tgan kunlarda yangilik bo’lgan yoki bo’lmaganiga qaraylik”, - deydi u.

Kendzior O’zbekistonda o’zgarishlarning ro’y bermayotgani sababini xalqning siyosiy madaniyatiga bog’laydi.

“Hatto faol muxolifat vakillari ham keskin o’zgarishlarni istamaydi. Ular sekin-asta amalga oshadigan islohotlar tarafdori ekanini aytadi. Ularga ko’ra, yangi qonunlar yaratishga hojat yo’q, aksincha, mavjudlari ijro etilishi kerak”, - deydi amerikalik ekspert.

Ayrimlar nazarida sobiq sovet o’lkalarida haqiqiy o’zgarishni faqat avlodlar yangilangandagina kutish mumkin. O’zbekiston mustaqillikka erishgan kuni tug’ilgan fuqaro bugun 21 yoshda. Ko’z ochib ko’rgani yopiq va kuchli nazorat ostidagi jamiyat bo’lgan yosh avloddan bugun ko’p narsa kutish qiyin, deydi Kendzior.

“Muammolarning yechimi faqat bir rahbarning almashishiga bog’liq emas. Bu ko’proq siyosiy madaniyatga aloqador masala. O’zbekiston siyosiy madaniyati korrupsiya, nazorat qilish va zo’ravonlik asosiga qurilgan. Bu oddiy fuqarolarning o’zaro aloqalariga ham ta’sir qilgan. Odamlar hatto bir-biriga ishonmaydi”, - deydi u.

Markaziy Osiyoda siyosiy barqarorlik haqida gap ketganda, Qirg’iziston alohida tilga olinadi. Bu o’lka so’nggi yetti yil ichida ikki marta siyosiy inqilob va rejim o’zgarishiga guvoh bo’ldi. Ayrim kuzatuvchilar Qirg’izistonga mintaqaning “Demokratiya oroli” sifatida nom qo’ygan. Ammo “Ozodlik uyi” (Freedom House) tahlilchisi Neyt Shenkenga ko’ra, bo’lib o’tgan qonli ko’tarilishlarni haqiqiy xalq inqilobi deyish qiyin.

“Bo’lib o’tgan ishlarni fuqarolik jamiyati faollarining mustabid tuzumga qarshi g’arbona erkinlik sari bosh ko’tarishi deb bo’lmaydi. Aksincha, yangi hukumat davrida hokimiyatdan ulushsiz qolgan ayrim guruhlar o’z haqqini talab qilib, chekka hududlardan bir to’da odamlarni revolyutsiya qilish uchun poytaxtga boshlab keldi. Bu inqilob emas, evrilishdir”, - deydi Shenken.

Beqarorlik xavfidan Qozog’iston ham xoli emas. Iqtisodiy jihatdan mintaqaning eng baquvvat vakili bo’lgan bu o’lkadagi ijtimoiy ziddiyatlar 2011-yilgi Janao’zen g’alayonida ko’zga tashlandi. Taraqqiy etgan markaziy shaharlardan ancha olisda joylashgan Janao’zenda og’ir yashash sharoitlari ishchilarni hukumatga qarshi bosh ko’tarishga undadi. Qonli fojea bilan tugagan namoyish mamlakatda taraqqiyot nomutanosib va ichki ziddiyatlar yuqori ekanini ko’rsatdi.

“Bu yerdagi asosiy muammo hokimiyat va resurslarning kuchli markazlashgani. Janao’zendagi voqealar shuning oqibatida ro’y berdi. Chekka hududlar markaziy hukumatning e’tiboridan chetda qolib ketgan”, - deydi Shenken.

Mintaqashunos olimlarning aksariyati Markaziy Osiyoda ijobiy o’zgarishlar yuz berishi uchun hukmron sinflar va oddiy xalqning siyosiy madaniyati o’zgarishi kerakligini ta’kidlaydi. Ayni paytda Qirg’izistonda shu jarayonning boshlanishi kuzatilmoqda, deydi Neyt Shenken.

“Qirg’izistonda siyosiy madaniyat, sekinlik bilan bo’lsa-da, o’zgaryapti. Yangi siyosiy partiyalar tuzilyapti. Parlamentda mintaqaning boshqa o’lkalarida tasavvur qilish mumkin bo’lmagan g’ayrioddiy deputatlar paydo bo’lyapti. Qirg’izistonda demokratik an’analarning yuzaga chiqishiga umid qilish mumkin”, - deydi Shenken.

Tahlilchi xalqaro bosim va yordam dasturlarining samara bermayotganini bunday dasturlar noto’g’ri sohalarga yo’naltirilayotgani bilan izohlaydi.

“Masalan, O’zbekistonda yordam dasturlari, asosan, hukumat xohlagan tarmoqlarga yo’naltirilyapti. Men buni noto’g’ri strategiya deb bilaman. Chunki o’tgan 20 yil ichida O’zbekistonda hech narsa o’zgargani yo’q. Harbiy yuklarni tashish uchun AQSh hozir bunday hamkorlikka muhtoj ekanini tushunish mumkin. Ammo bu dasturlar mamlakatni demokratlashtirish jarayoniga hech qanday hissa qo’shmaydi”, - deydi Shenken.

Sara Kendzior ham Shenken fikrlariga qo’shiladi. G’arbning Markaziy Osiyoga ta’siri juda cheklangan, deydi u.

“Muammoning yechimi shu yerda yashaydigan odamlarning o’zidan chiqishi kerak. Bu yerda nimalar bo’layotgani haqidagi ishonchli ma’lumotlarni ham shu yerlik odamlardan olishimiz kerak. Mahalliy tashkilotlar, huquq faollari qanchalik faol bo’lsa, xalqning siyosiy va huquqiy ongi oshsa, shundagina ijobiy o’zgarishlar bo’lishini kutishimiz mumkin”, - deydi Sara Kendzior.

Yig’inda bugungi voqelik haqida batafsil ma’lumot bergan siyosatshunoslar mintaqada ertaga nima bo’lishi mumkinligi haqida hech kim aniq bir gap ayta olmasligini ta’kidladi.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG