Breaking News

O'zbekiston-AQSh: Kongressmen Dana Rorabaker bilan suhbat


AQSh Vakillar Palatasida Respublikachilar partiyasi hukmron ekan, har bir masala yuzasidan ularning aytgani aytgan. Kaliforniya shtatidan Dana Rorabaker (Dana Rohrabacher, R-California) qariyb chorak asrdan beri qonunchi, yetakchi respublikachi. Tashqi siyosatda jonbozlik ko’rsatib keladi.

Afg’onistondagi urush AQShga yuzlab milliard dollarga tushdi, ammo u yerda bugun na ishonchli hukumat va na tartib bor, deydi Rorabaker. Kongressmen prezident Hamid Karzayning ashaddiy tanqidchisi. Karzay uning qoralashlaridan shu qadar to’yganki, mamlakatga kiritmay keladi. Lekin Rorabaker Afg’oniston shimolidagi o’lkalar, Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston hukumati bilan yaqindan ishlash tarafdori. Islom Karimov va uning ma’muriyati, deydi kongressmen, terrorizmga qarshi urushda AQShni boshidan qo’llab kelmoqda. Radikalizm va ekstremizmni yengishdan birdek manfaatdormiz, deydi u.

O'zbekiston-AQSh: Kongressmen Rorabaker bilan suhbat/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:17 0:00
Yuklab oling

US-Uzbekistan-Congressman Rohrabacher-Interview-Navbahor-Imamova ORIGINAL
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:44 0:00
Yuklab oling

Siyosatchi bilan Kapitoliydagi idorasida yuzma-yuz muloqot qildik.

AMERIKA OVOZI: Kongressmen Rorabaker, kuni kecha Kapitoliyda O’zbekistondan kelgan delegatsiyani mehmon qildingiz. Bir necha kun oldin Toshkentda bo’lib, prezident Islom Karimov bilan uzoq suhbat qurdingiz. Nima haqda gap ketdi?

RORABAKER: Asosiy maqsad - hamkorlikni oshirish... Aloqalarda o’ziga yarasha kelishmovchiliklar va muammolar bo’lishiga qaramay, mening nazarimda, O’zbekiston - do’stimiz. 10 yildan oldingi davrga boqsak, O’zbekiston Afg’onistonda islomiy radikal kuchlarga qarshi kurashimizda yordamlashgan, ittifoqchimiz bo’lgan. 2001-yilning 11-sentabrida, bilasiz, bu terrorchilar 3000 amerikalikni o’ldirgan.

AMERIKA OVOZI: Toshkentdan qaytgach diplomat va ekspertlarni huzuringizga chaqirib, "O’zbekiston bizdan harbiy yordam so’ramoqda, prezident Karimov bu borada ochiq aytib, qurol so’rayapti", deya maslahatlashdingiz. Qaror nima?

RORABAKER: O’zbekiston uchun xavfsizlik bag’oyat jiddiy masala va bu davlat katta qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Afg’onistonni tark etarkanmiz, radikal kuchlar yana O’zbekiston ostonasiga yaqinlashishi mumkin. Xalqaro terroristlar respublikaga tahdid solib keladi. Amerika buni yoddan chiqarmay, zarur yordam berishi lozim. Lekin biz shuni ham bilamizki, O’zbekiston demokratiyadan yiroq va inson huquqlari bobida oqsab kelmoqda. Shu bois biz bergan qurol-aslaha O’zbekiston xalqi, demokratiya istagan insonlarga qarshi emas, aynan terroristlar, islomiy radikallarga qarshi qo’llanishi kerak.

AMERIKA OVOZI: Prezident Karimovga bu haqda aytdingizmi? Nima deb javob berdi?

RORABAKER: Ha, gaplashdik. O’zbekistonga nima kerak, qay maqsad uchun? Fikr almashdik bu haqda. Eng muhimi - tomonlar buni do’stona ruhda muhokama qilishi kerak. Biz o’zimizni faqat Karimovning emas, O’zbekiston xalqining do’sti deb bilamiz. Dushman bir – diniy radikalizm. Bu yovuz kuchlar nafaqat musulmon bo’lmagan insonlarni, balki O’zbekistondek dunyoviy jamiyat vakillarini ham nishonga olmoqda.

AMERIKA OVOZI: Lekin, janob kongressmen, Obama ma’muriyatining o’zi aytib turibdiki, Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistonga nisbatan hozirda favquloqqa tahdid yo’q, ya’ni ekstremizm xavfi.

RORABAKER: Ayni damda yo’qdir, ammo Afg’oniston va Yaqin Sharqda tobora o’zgarib borayotgan vaziyatga, siyosiy dinamikaga qarasangiz, xavf darajasi o’sish ehtimoli yuqori. Radikalizm ildizi chuqur. Xuddi Afg’oniston va Fors ko’rfazidagi vaziyatni kuzatganimizdek, Markaziy Osiyodan ham ko’z uzmasligimiz kerak.

AMERIKA OVOZI: Yaqinda Obama ma’muriyati O’zbekistonga uchuvchisiz havo vositalari, kuzatuvchi vazifasini bajaruvchi apparatlar uzatishga qaror qildi. Vakillar Palatasi va Senat bu borada boxabar qilinganida hech kim qarshilik bildirmadi.

RORABAKER: Bu haqiqat, chunki ushbu uskuna jangovar qurol emas. O’zbekistonga yordam berishni istaymiz, ammo biz uzatayotgan qurol-aslaha erkinlikni cheklash, demokratik harakatlarni yanchish uchun ishlatilmasin. Ko’mak so’rayotgan tomonga qo’l uzatamiz va shu tariqa bu xalq barqarorligi uchun hissa qo’shamiz degan umiddamiz. Albatta bu oson emas. Mening nazarimda, O’zbekiston bilan til topisha olamiz bu xususda. Bizning muddaomiz radikalizmga qarshi kurash. Yordam shu maqsadda beriladi.

AMERIKA OVOZI: Xalq va uning manfaatlari haqida gapirayapmiz. Ko’plab o’zbekistonliklar va boshqa kuzatuvchilar nazarida, siz, Amerika, O’zbekistondagi diktatura bilan hamkorlik qilayapsiz, aynan uni quvvatlayapsiz. Siz va boshqa qonunchilar, siyosatdonlar bilan intervyular qilganimizda, odamlar ularni tinglab tomosha qilib, shunday xulosa qilishadiki, Amerika ularning yurtidagi asl vaziyatga ko’z yummoqda, xalq dardiga befarq. Inson huquqlari qo’pol tarzda buziladi, fundamental erkinliklar ta’minlanmagan, siyosiy mahbuslar masalasi, radikalizm va ektremizmda ayblanib qamalgan minglab insonlar taqdiri, qiynoqlar, majburiy mehnat… Bu muammolar sizni qanchalik o’ylantiradi?

Biz bergan qurol-aslaha O’zbekiston xalqi, demokratiya istagan insonlarga qarshi emas, aynan terroristlar, islomiy radikallarga qarshi qo’llanishi kerak.
RORABAKER: Biz befarq emasmiz va shaxsan meni ular jiddiy o’ylantiradi. Bir yoqlama emas, muvozanatli siyosat olib borishimiz kerak, buni tushunamiz. Yo xavfsizlik yo inson huquqlari degan qabilda ishlash yaramaydi. Tinchlik va erkinlik bir-biriga chambarchas bog’liq, birdek muhim talablar. Biz mutaassib, terrorist kuchlar O’zbekistonda bugun hukmron avtoritar tuzumdan ham battar, zolim bir tuzum o’rnatishini xohlamaymiz. Hozirgi hukumatga nisbatan da’volardan biri shuki, O’zbekiston diniy radikalizmga qarshi kurash shiori ostida begunoh musulmonlarni qamamoqda. Lekin shunisi ham aniqki, Saudiya Arabistoni singari vahobiylikni targ’ib qiluvchi davlatlar zimdan mablag’ ajratib, bu va boshqa o’lkalarda mutaassiblik urug’ini sochmoqda. Biz buni yaxshi bilamiz.

AMERIKA OVOZI: Mana o’zingiz tinchlik erkinlik talab qiladi deyapsiz. So’z va matbuot erkinligini olib qarasak, O’zbekistonda bu borada gapirish qiyin. Masalan, “Amerika Ovozi”ga cheklovlar qo’yilgan. Efirga chiqa olmaymiz, saytimiz blokirovka qilingan.

RORABAKER: Umid qilamizki, bu muammoni hal etamiz. Hozirgi muloqotlar samara berishi kerak. O’zbekistonga dushmanona ruhda emas, do’stona yondashib, sherik sifatida quvvatlasak, vaziyat yaxshilanar.

AMERIKA OVOZI: Buning uchun Vashington va Toshkentda yetarlicha siyosiy iroda bor deb hisoblaysizmi?

RORABAKER: Bunga harakat qilayotgan, kuch-g’ayratli mutaxassislarimiz bor. O’zbekistondagi elchimiz (Jorj Krol) har tomonlama layoqatli diplomat. Har ikkala hukumatda ham vaziyatni yaxshilashga bel bog’lagan insonlar bor. Kongressda ham buning uchun iroda yetarli. Shu bois, umid qilamizki, xavfsizlikni ta’minlash, radikalizmga qarshi kurash va jamiyat erkinlashishi, liberalizatsiya yo’lida jiddiy yutuqlarga erishamiz.

AMERIKA OVOZI: Demak, Amerika Afg’onistondan chiqar ekan, Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston bilan aloqani bo’shashtirmaydi?

RORABAKER: Aslo, biz mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaqindan ishlab, munosabatlarni mustahkamlashimiz, kamchiliklarni tuzatishda yordam berishimiz kerak. Bu dunyoda har tomonlama barkamol davlat yo’q. Muammo hammada bor, bizda ham bor. Shuning uchun, men do’st bo’laylik, deyman.

AMERIKA OVOZI: Muxlisimizdan tushgan bir savol: Amerikaga biz nega kerakmiz? Nima uchun qiziqadi biz bilan? Afg’onistondan boshqa yana qanday ustuvor masala bor hozir siz uchun?

Prezident Islom Karimov
Prezident Islom Karimov
RORABAKER: Afg’oniston qay tomon yo’nalishi O’zbekiston uchun naqadar muhim ekanini unutmaylik. O’zbekiston – Markaziy Osiyo darvozasi, yuragi. Mintaqa esa global tinchlik uchun bag’oyat yuksak ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo xalqlari qanchalik barqaror, tinch, farovon va erkin yashasa, butun dunyo bundan foyda ko’radi, jumladan biz ham. Radikalizm avj olib, G’arbga qarshi turadigan tuzumlar vujudga kelishini istamaymiz. Amerika – global yetakchi. Erkinlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash, ularni targ’ib qilishda oldinda yuramiz. Amerikaga biz nega kerakmiz deb o’ylanayotganlarga yana shuni aytamanki, biz turli elatlardan tashkil topgan yurtmiz. Oramizda o’zbeklar, afg’onlar, vengerlar, lotin amerikaliklar, osiyoliklar… Bizning qudratimiz erkinlik, tenglik va farovonlikda. Balki buni faqat bir elatdan tashkil topgan jamiyatlar tushunmas. Amerikaliklarning ildizi chuqur. Har yerda bor ularning urug’i. Shunday ekan, biz hamma uchun qayg’uramiz.

AMERIKA OVOZI: Kaliforniyada o’zbeklar ko’p, sizni saylagan odamlar orasida ham o’zbeklar bo’lsa ajabmas.

RORABAKER: Bunga shubham yo’q. Rahmat!

AMERIKA OVOZI: Suhbat uchun minnatdormiz.

Kongressmen Rorabaker bilan uning Kapitoliydagi idorasida suhbat, 14-mart 2013
Kongressmen Rorabaker bilan uning Kapitoliydagi idorasida suhbat, 14-mart 2013
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG