Breaking News

Kiprdagi moliyaviy krizis rossiyalik sarmoyadorlarni kuydirdi


Iqtisodiy tanazzul iskanjasida qolgan Kiprda bugun banklar qayta ochildi. Xalqaro kreditorlar bilan kelishuvga muvofiq, hukumat fuqarolarning o’z hisob raqamlaridan qancha pul olishini qattiq cheklab qo’ygan.

Bu vaqtinchalik choralar kapital katta miqdorda Kiprni tark etishining oldini olish uchun va moliya tizimni himoya qilish uchun zarur, deydi rasmiylar.

Ikki haftadan beri bugun ilk bor ochilgan ayrim yirik banklar oldida odam tirband, lekin kutilganidek ur-yiqit va vahima bo’lgani yo’q, deya xabar beradi muxbirimiz Zlatitsa Xouk.

Tartibni saqlash uchun qurollangan politsiya safarbar etilgan. Omonatchilarga kuniga salkam 400 dollar yechib olishga ruxsat bor.

Cheklovlardan norozi namoyishchilar kecha prezident saroyiga yurish qildi. Yevropa komissiyasi, Markaziy Banki hamda Xalqaro valyuta fondidan 13 milliard dollar yordam puli olish uchun Kipr hukumati ular qo’ygan shartlarga rozi bo’lgan, biroq omonatchilar va bizneslar zarar ko’rishi aniq.

“Bizdan hech kim fikrimizni so’ragani yo’q, xalq maslahatini olgani yo’q. Yevropaning boshqa davlatlarida ham aholi o’z huquqlarini talab qilishi kerak”, - deydi namoyishchilardan biri.

Orol davlat Yevropa Ittifoqidan 13 milliard dollar yordam paketi evaziga nazoratni kuchaytirmoqda. Hisobida 130 ming dollardan ziyod puli bo’lgan omonatchilarga ehtimol 40 foizgacha soliq solinadi. Xorijga chiqayotganlar o’zi bilan faqat 1000 yevro olib ketishi mumkin. Chek to’lovlari bekor qilingan.

Shuningdek, Kipr Markaziy banki isloh qilinib, ayrim moliyaviy muassasalar yopiladi.
“Natijada Kipr moliya tizimi ancha ixchamlashadi”, - deydi Moliya vaziri Mixalis Sarris.

Orolning Turkiya nazoratidagi qismida bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib turishibdi.

“Albatta jonimiz kuyadi. Bunday muammolar har yerda bo’lishi mumkin. Hammamiz kiprlikmiz”, - deydi Nozim Qizilbora. Kipr oroli grek va turk jamoalariga bo’linganiga qariyb 40 yil to’lmoqda.

Yevrozonaga kiruvchi Kipr Respublikasi ko’plab rossiyalik tadbirkorlar uchun ham dam olish, ham biznes makoni. Ruslar bu davlat aholisining besh foiziga teng. Banklardagi mablag’ning 32 milliard dollari ularga tegishli.

Orolda soliqlar past va moliyaviy nazorat kuchli emas. Nyu-York universiteti professori Mark Galeotti so’zlariga ko’ra:

“Jinoiy faoliyat yoki boshqa noqonuniy yo’llar bilan topilgan daromad, qolaversa, Rossiyada soliqdan qochganlar Kiprga yo’l topardi. Rus oligarxlari boyligini vatandan olib chiqib, Kiprda sarmoya qilardi”.

Ammo moliyaviy krizis bir kunda bu qulayliklarni yo’qqa chiqardi, Kiprni soliqdan “pana joy” degan maqomidan ayirdi. 100 ming yevro va undan oshiq depozitlarning bir qismi musodara qilinishi turgan gap.

Bu Kipr hukumati tomonidan o’ta jirkanch harakat, deydi Maksim Mokeyev, Moskvada ko’chmas mulk bilan shug’ullanuvchi kompaniya direktori.

“Omonatchilar huquqini toptash bu. Oradan ishonch ketdi”, - deydi u.

Mokeyev fikricha, rossiyalik xaridor va investorlarning ketishi oqibatida Kiprda ko’chmas mulk bahosi 50 foizga tushadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG