Breaking News

Inauguratsiya oldidan Trampga qarshi namoyishlar


Donald Tramp yaqin kunlarda Amerikaning 45-prezidenti sifatida ish boshlar ekan, mamlakatning 65 dan ziyod shahrida muhojirlar va ozchilikdagi guruhlar huquqlari uchun namoyishlar boshlanib ketdi.

Faollar undan ommaviy deportatsiyalardan voz kechishni, bolaligida ota-onasi bilan AQShga kelib voyaga yetgan 700 mingdan oshiq hujjatsiz immigrantlarni haydamaslikni talab qilmoqda. Turli hisoblarga ko'ra, mamlakatda taxminan 11-12 million noqonuniy muhojir bor.

"Ularni qo'llab-quvvatlash uchun keldim. Hujjatingiz bor-yo'qligi ahamiyatsiz. Hammamiz amerikalikmiz, huquqlarimiz bor", - deydi poytaxt Vashingtondagi aksiyada qatnashayotgan fuqaro Mariya Gomez.

Prezident Barak Obama 2012-yilda imzolagan farmon Amerikaga yoshligida olib kelinib, doimiy yashash maqomini olganlarni deportatsiyadan himoya qiladi. Ular hujjatlarini har ikki yilda yangilab turishi lozim va ishlashga haqli. Donald Tramp nazarida esa bu dastur konstitutsiyaga zid bo'lib, uni yopish kerak.

"Immigratsion politsiya uyimizga bostirib kelsa, nima qilishni muhokama qilganmiz oilamiz bilan", - deydi hujjatsiz muhojir Ambar Pinto. "Huquqlarimizni bilamiz, hujjatlarimizni tayyorlab qo'yganmiz. Deportatsiya qilamiz deb kelishsa, qanday chora ko'rishni bilamiz. Lekin ko'plab oilalar huquqlari borligini bilmaydi".

Ambar Pinto Obama ma'muriyati boshlagan dastur yopilishidan chuqur xavotirda. Uning hujjatsiz akasi qo'rquv bois hatto dasturga topshirmagan.

"Donald Trampning Ozodlik haykalini ko'mib tashlashiga yo'l qo'ymaymiz", - deya namoyishchilarga murojaat qildi Kris Van Hollen, demokrat senator. Barak Obama saylanganida to'rt yil ichida immigratsiya tizimini butkul isloh qilishga va'da bergan edi, ammo va'da amalga oshmadi.

Donald Trampning inauguratsiya marosimi 20-yanvarga belgilangan. Turli shtatlardan poytaxtga qariyb 200 ming namoyishchi kelishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG