Breaking News

Rossiyada aholi soni kamayib bormoqda


Bosh vazir Vladimir Putin Ryazanda egizak tuqqan onaga mukofot topshirmoqda
Bosh vazir Vladimir Putin Ryazanda egizak tuqqan onaga mukofot topshirmoqda

Mutaxassislar hisobicha, Rossiya aholisi kelasi 40 yilda 25 millionga qisqarishi mumkin. Bunga turli sabablar bor. Natijada davlat xarajatlari chorakka ko'payishi aytilmoqda.

33 yoshli Mariya Morozova ikki bolaning onasi. Moskvadagi bir kompaniyada sakkiz yil marketing bo'yicha mutaxassis bo'lib ishladi. Yaqinda ishidan ayrildi.

"Birinchi farzandim tug'ilganidan uch oy o'tib ishga chiqdim. Ikkinchisi tug'ilguncha ishladim. Ammo keyin boshlig'im kompaniyamizga to'g'ri kelmaysiz, deb aytdi", - deydi u.

Morozova singari ko'plab ayollar Moskvada o'xshash holatda. Ular yo ishlashi, yo oilaga qarashi kerak. Bu esa mamlakat demografiyasiga salbiy ta'sir qilmoqda.

Yaqinda o'tkazilgan tadqiqot shuni ko'rsatadiki, Rossiya aholisi asrimiz yarmiga borib 140 milliondan 116 milliongacha qisqarishi mumkin.

Aholining o'rtacha yoshi ulg'ayib, davlatning ular bilan bog'liq xarajati ikki baravar o'sib, yalpi ichki mahsulotning 25 foiziga teng bo'ladi. 2050-yilga borib Rossiya milliy qarzi yalpi ichki mahsulot hajmidan olti baravar ko'p bo'lishi kutilyapti.

Moskvadagi Demografiya instituti direktori muovini Sergey Zaxarovning aytishicha, o'lim sur'atining yuqoriligi yana bir muammo.

"Yo'l halokati, jarohat, zaharlanish, qotillik, suiqasddan o'lganlar soni juda yuqori. Narkobaronlarga qarshi urush kechayotgan Kolumbiya kabi. Avvalambor mana shularning oldini olish zarur", - deydi Zaxarov.

O'tgan oy Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin tug'ilish sur'ati va o'smirlar jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan dasturlarga 50 milliard dollar ajratilganini ma'lum qildi. Bolalarni maktabga tayyorlash, sog'lom hayotni targ'ib qiluvchi ta'lim dasturlari hamda tamaki va spirtli ichimliklar iste'molini kamaytirishga doir loyihalarga ham qo'shimcha mablag' ajratiladi.

Demograflarning ogohlantirishicha, 2030-yilga borib, Rossiyada ishlaydigan bir odamga bir nafaqaxo'r to'g'ri keladi. Hukumat, deydi ular, pensiyaga chiqish yoshini ko'tarishga majbur bo'ladi. Ayni damda erkaklar 60 yoshdan, ayollar esa 55 yoshdan nafaqaga chiqishi mumkin.

Hukumat mamlakatga migrantlarni jalb qilish ustida ham o'ylanmoqda. Ammo millatchilik kayfiyati kuchayayotgan bir paytda bu ishni uddalash oson bo'lmaydi.

Demografiya instituti rahbari Sergey Zaxarovning aytishicha, turli din, irq, millat vakillariga munosabat salbiy.

"Bu bilan bog'liq ko'p qotilliklar sodir etildi. Ahvolni yaxshilash uchun esa deyarli hech narsa qilinmayapti. Matbuotdagi xabarlarni tinglab, jamiyatda adovat kuchayayotganini ko'rib, odamning eti junjiydi. Bunday sharoitda demografik va iqtisodiy muammolarni hal qilib bo'lmaydi", - deydi Zaxarov.

Kremlning ma'lum qilishicha, 2015-yilgacha aholi sonini 143 milliongacha oshirish dasturi tuzilgan. Ammo buning uchun, deydi ekspertlar, tug'ilish sur'atini ko'tarish, turmush darajasini yaxshilash, bolalar orasida o'lim hollarini kamaytirish va ishchi migrantlarni jalb qilish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG