Prezident Dmitriy Medvedev "Domodedovo" aeroporti xavfsizlik kuchlarini sustkashlikda, ishini bilmaganlikda ayblamoqda.
Uning aytishicha, kechagi portlash uchun xavfsizlikni kuzatishi kerak bo'lgan mana shu shaxslar mas'ul.
Medvedev Rossiyadagi barcha aeroport va vokzallarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga ko’rsatma berdi.
AQSh va Isroildagi kabi tekshiruv choralari, jihozlar o'rnatilishi kerak, deydi prezident.
Kecha Moskvaning “Domodedovo” aeroportida bir kishi o’zini portlatib, 35 odam halok bo’lgan. 168 kishi jarohatlangan edi.
Medvedev voqeani terror xuruji deb atamoqda.
Guvohlarning aytishicha, chemodan ko’targan shaxs xalqaro terminalga kirib, o’zini portlatgan. Rasmiylar taxminiga ko’ra, voqeaga ayol kishi ham aralashgan. Militsiya xurujga aloqador uch kishini qidirmoqda. Portlashni sodir etgan shaxsning jasadi topildi, deydi rasmiylar.
Xalqaro hamjamiyat hujumni qoralab, Rossiya xalqiga hamdardlik izhor etmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, o’lganlar orasida sakkiz xorijlik bor, jumladan, Qirg’iziston, Germaniya, Tojikiston, Ukraina, Britaniya va O’zbekiston fuqarolari. Jarohat olganlar ro’yxatida Tojikiston va o’zbekistonlik borligini ma’lum.
Moskvada yashab, ishlayotgan o’zbekistonlik mana bu muhojirning aytishicha, ehtiyot choralari kuchaytirilgan. Har bir metro bekati, yirik savdo markazi va aholi gavjum joylarda ko’plab militsiya xodimlarini uchratish mumkin deydi, u.
“Asosan, e’tibor Rossiyaga O’rta Osiyodan kelib ishlayotganlarga qaratilayapti.O’zi yaqindagi to'polonlardan keyin tekshiruvlar endi bir oz tin o’lgan edi. Ko’chada bir sumka yoki paket bilan ishga ketayotgan bo’lsangiz yoki biror magazinga kirmoqchi bo'lsangiz, sizga nisbatan xavotir bor. Ko’pchilik o'ylanib qo’lgan. Ishlasammi yoki yo'qmi deb. Muammolar ko’p. Sekin-sekin siqib chiqarmoqchi bizni. Bu davlat kelgidilarni sig’dirmayapti", - deydi bu muhojir yigit.
"Yurakni ushlab ishga borib kelyapmiz. U yoq, bu yoqda yurish yo'q. Odam ko’p to’planadigan gavjum joylarda yurmayapmiz, chunki besh-oltita “qoralar” to’planib qolgan joyga militsiya keladi. Hujjat tekshiradi.Otdeleniyega olib boradi. Surishtiradi. Ortiqcha bosh og’riqlar ko’p bo'layapti", - deydi u.
"Rus xalqi shu narsaga o’rganib qolgan-ki, yomon narsalarni faqat Kavkazdan kelganlar yoki SNG davlatidan keladiganlar qiladi. Mana, oddiy misol, Moskvadagi yangi yil oldidan bo’lgan voqealardan keyin Markaziy Osiyodan kelayotganlar ishga o'rnashishi qiyinlashgan. O’zbekistonlik bo’ladimi, Tojikistonlik bo'ladimi... Ish joylari bor, lekin ishga olmayapti”, - deydi o'zbekistonlik ishchi migrant.