Breaking News

Jurnalist Dilmurod Sayyid ozodlikka chiqdi


Dilmurod Sayyid
Dilmurod Sayyid

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi faoli, jurnalist Dilmurod Sayyid to'qqiz yillik qamoq jazosidan so'ng 3-fevral kuni ozodlikka chiqarildi.

Bu haqda jurnalist Abdurahmon Tashanov xabar qildi.

“Bir necha soat avval Dilmurod Saidov ozodlikka chiqarilib, Toshkent sari yo‘lga tushgani ma’lum bo‘ldi. U bilan ukasi Obid gaplashgan. “Akam taksida Toshkentga kelyapti” dedi. Men darhol O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqamasiga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotga tasdiq oldim” - deydi Tashanov.

Dilmurod Sayyid jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudining ajrimi bilan muddatidan avval qamoqdan chiqarilgan.

Ukasi Obid Saidov bilan telefon orqali gaplashgan jurnalist Dilmurod Saidov salomatligi yaxshiligi, bir necha soatdan so‘ng Toshkentga yetib borishini aytgan.

56 yashar jurnalist va inson huquqlari faoli Dilmurod Sayyid 2009 yilning 22-fevralida tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan edi.

Dimurod Sayyid O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tovlamachilik, hujjatlarni soxtalashtirish, qalbaki muhrlar tayyorlash, qalbaki imzolar qo‘yish moddalari bo‘yicha ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan.

Samarqand viloyat Toyloq tuman sudi 2009-yilning 30-iyul kuni Dilmurod Sayyidga 12,5 yillik qamoq jazosi tayinlagan. 2009-yilning 11-sentyabrida tuman appelyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham 2010-yil 10-avgust kuni hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan edi.

2013-yilda Dilmurod Sayyid O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov nomiga xat chiqargan va unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanillayotgani, she’r va hikoyalarining qo‘lyozmalari tortib olinayotgani haqida yozgan edi.

Qo‘lga olinguniga qadar u mustaqil elektron nashrlarda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqid qiluvchi tahliliy maqolalari bilan tanilgan.

Dilmurod Sayyid ilk bor 2005 yilda O‘zbekistonda chop etilgan va jurnalistning o‘zi ishlagan “Advokat” nomli gazetada “Yo‘q haqidagi badiha” nomli maqolasini chop ettirgan edi. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘sha maqolasidan so‘ng jurnalist hukumat bosimiga uchragan. Avvaliga uning o‘zi ishdan bo‘shatilgan, biroz o‘tib esa gazeta ham yopilgan edi.

2009-yilning 5-noyabrida Navoiydagi qamoqxonada saqlanayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan Barno Jumanova va 6 yashar qizi avtohalokatga uchrab, fojia joyida halok bo‘lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG