Maykl Emmons ismli amerikalik "Siemens" texnologiya kompaniyasida ishlar edi. Kutilmaganda uning o'rniga chet eldan mutaxassis yollashayotganini aytishdi. Nafaqat o'rinni bo'shatasiz, balki bu odamni shu vazifaga tayyorlaysiz, deb ham buyurishdi.
Kasalmand qizi va shundoq ham moliyaviy jihatdan qiynalib yashayotgan oilasi uchun Emmons har narsaga tayyor edi. Kompaniya buyrug'ini bajarib, o'rnini yangi odamga bo'shatdi va bu yangi hamkasbiga ish sirlarini ham o'rgatdi. Bu orada o'ziga yangi ish qidirdi.
Emmons o'z kasbining ustasi bo'lgani uchun bir emas, bir necha odamni yangi vazifalarga tayyorlab berdi. Kompaniya undan oxirgi lahzagacha foydalandi.
Emmons Florida shtatining Orlando shahrida ishlar edi. Yangi yollanganlarning aksariyati Hindistondan keldi. Ular L-1B va H-1B turidagi vizalar orqali taklif qilingan.
Kongress bu vizalarni xorijdan iste'dodli mutaxassislarni chaqirish va shu tariqa Amerika iqtisodiyotini kuchaytirish maqsadida maq'ullagan. Xususan texnologiya sanoatida bu muhojirlarsiz samarani ta'minlash qiyin.
Lekin Emmons kabi mutaxassislar nazarida asl maqsad arzon ish kuchi topishdir. Mahalliy xodimlarni chet ellik ishchi bilan almashtirish ortida kompaniyalarning ayyorona siyosati turibdi, deydi u.
Yaqinda prezidentlikka saylangan Donald Tramp ham shunday fikrda. Amerikaliklar ish o'rni va imkoniyatlarni chet elliklarga boy bermaydi, deydi Tramp.
Amerika oliygohlarini bitirib, bilimi va g'ayratini shu mamlakatda sarflashni xohlagan va raqobatga bardosh bera olgan mutaxassisni quvvatlash kerak, deydi Tramp, biroq har bir ish o'rni avvalo amerikalikka taklif qilinishi shart.
U Oq uydagi birinchi 100 kunida Mehnat vazirligiga yuqorida tilga olingan vizalar qanchalik zarur ekanini ko'rib chiqishni buyuradi.
Xorijdan mutaxassis yollashga talab bormi o'zi, deya so'raydi Tramp. Javob uni qoniqtirmagan taqdirda vizalar bekor qilinishi mumkin.
H-1B vizasi bilan AQShga har yili 85 ming ishchi keladi. Bu son qonunlarga binoan cheklangan. Har bir viza olti yilgacha cho'zilishi mumkin. Kompaniya ayrim xodimlarga homiylik qilib, grin-karta, doimiy yashash va ishlash uchun ruxsatnomaga topshirishi mumkin. Jarayon murakkab lekin ko'p hollarda samara beradi.
Masalani yaqindan o'rgangan siyosatshunos olim Ron Hira deydiki, kamida 50 foiz hollarda bu viza bilan kelayotganlar arzon ishchi kuchidir. Kompaniyalar ularga mahalliy ishchiga beradigan maoshning 65 foizini taklif qiladi.
"Infosys", "Cognizant, hatto "IBM" H-1B vizasi bilan olib kelayotgan chet ellik xodimlariga past haq to'laydi",- deydi Hira.
Muammo aniq, deydi ekspert, lekin respublikachilar hukmron Kongress Trampning aytganini qilib, bu vizalarni chetga surishga ko'nmasligi mumkin. Texnologiya kompaniyalari ko'plab qonunchilarni siyosiy jihatdan quvvatlab, ularning shtatlarida minglab odamni ish bilan ta'minlaydi.
Vashingtondagi CATO tadqiqot institutiga ko'ra, maosh to'lash tizimini isloh qilish bilan masalani bartaraf etish mumkin. Shuningdek, kompaniyalardan nima uchun chet eldan odam yollash zarurligi haqida aniqroq hisobotlar talab qilish kerak. Bizneslar nima uchun bunday mutaxassislar vatanda topilmasligini asoslab berishi lozim.
Maykl Emmons Florida shtat hukumatidan yangi ish topgan. Hayot davom etadi, deydi u, lekin bizneslar adolatsizlikni bas qilishi kerak. Prezident Trampga ovoz vergan bu amerikalik yangi rahbar bu muammoni hal etadi degan umidda.