Breaking News

Misr bosh vaziri lavozimiga al-Barodiy nomzodi ko'rilmoqda


Misr muvaqqat rahbari Mansur Adli muxolifat yetakchisi, Nobel mukofoti sohibi Muhammad al-Barodiy nomzodini muvaqqat bosh vazirlikka ko'rsatgan.

Biroq ko'p o'tmay vaqtli hukumat masala faqat muhokamada, tugal qaror qabul qilinganicha yo'q, deya bayonot berdi.

Muhammad al-Barodiy 2009-yilgacha BMTning Xalqaro atom agentligini boshqargan. 2011-yilgi inqilob paytida sobiq prezident Husni Muborakni taxtdan ag'dargan g'alayonda muhim rol o'ynagan edi.

Misr poytaxtida prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari va unga qarshi bo’lganlar o’rtasidagi to’qnashuvlardan keyin ahvol hamon qaltis. Zo’ravonliklar kecha 36 kishini hayotdan olib ketdi.

Mursiyni hamon davlat rahbari deb biladigan minglab fuqaro Qohira ko’chalarini to’ldirdi. Ular prezident lavozimdan ketganini tantana qilayotganlar bilan mushtlashib, mingdan ziyod odam jarohat olgan.

Kechki payt Qohirada otishmalar quloqqa chalingan. Misrning Aleksandriya shahrida ham “Qahr-g’azab” kuni deb nomlangan norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi.

Mamlakat qurolli kuchlari, tank va zirxlangan mashinalar hukumat idoralari, jumladan, Mudofaa vazirligini qo’riqlayapti. Misrni vaqtincha boshqarayotgan Adli Mansur Mursiyning partiyasi bo’lmish “Musulmon Birodarlar”ni siyosiy jarayonga qo’shilishga, konstitutsiyani isloh qilib bo’lajak saylovlarda ishtirok etishga undayapti.

Bosh vazirlikka ehtimoliy nomzod deb ko’rilayotgan muxolifat yetakchisi Muhammad al-Barodiy ham bu harakatni saylovlarda qatnashishga chaqirdi.

“Musulmon Birodarlar” so’zlovchisi Islom Abdul Rahmonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, harbiylar nazorati ostida o’tadigan siyosiy jarayonga ishonch yo’q. Biz saylovlarni boykot qilamiz, deydi u.

Birodarlar vakiliga ko’ra, Misrda bo’layotgan voqealar siyosiy kelishmovchilik bo’lib, uni tinch yo’l bilan, qurolsiz hal qilsa bo’ladi. Harbiy to’ntarishga javoban biz qurol ko’tarmaymiz, deya ta’kidlaydi u.

Uy qamog’ida saqlanayotgan prezident Muhammad Mursiy hafta boshida qilgan nutqida “men o’z xalqimga qarshi kuch qo’llamayman, ammo demokratik ravishda saylangan hukumatni jon-jahdim bilan himoya qilaman” degan edi.

Afrika Ittifoqi kecha Misrni a’zolikdan vaqtincha chiqarishga qaror qildi.

Ittifoqning Tinchlik va Xavfsizlik kengashi kotibi Admor Kambudzi so’zlariga ko’ra, xalq saylagan rahbarning lavozimdan chetlatilishi konstitutsiyaga zid harakat bo’lib, mamlakatda tartib o’rnatilmaguncha Misr Afrika Ittifoqi faoliyatida qatnashish huquqiga ega emas.

Misr armiyasi prezident Mursiy xalq xohish-istaklarini qondira olmadi, deya uni hokimiyatdan ag’darib, amaldagi konstitutsiyani bekor qilgan. Konstitutsion sud raisi Adli Mansur muvaqqat rahbar etib tayinlangan.

Misrning Afrika Ittifoqidagi elchisi Muhammad Idris ushbu hodisalarni harbiy to’ntarish deb ta’riflamaydi. Uning izohicha, harbiylar xalq tomonda va xalq istagini amalga oshirish yo’lida xizmat qilmoqda.

Mintaqaviy uyushma yaqin orada Misrga delegatsiya yuborib, muvaqqat rahbarlar bilan muzokara qilmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG