Breaking News

Muhammad Mursiy- Misrning yangi prezidenti


Muhammad Mursiy - Misrning zamonaviy tarixdagi birinchi no-harbiy rahbari.

“Mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochilmoqda. El xizmatiga tayyorman. Yurtimizni vijdonan, sidqidildan va qonunan boshqaraman”,- deya so’z berdi “Musulmon Birodarlar” harakati namoyondasi.




Misrni 30 yil davomida temir panja bilan yuritgan Husni Muborak o’tgan yilning fevral oyida inqilob natijasida hokimiyatdan ketgan edi. Sud uni xalqqa qarshi jinoyatlarda aybdor deb topib, bir umrli qamoq jazosiga mahkum etgan. 80 yoshdan oshgan Husni Muborak ayni damda kasalxonada o’lim bilan olishmoqda.

Misr yangi prezident saylagan bo’lsa-da, xalq orasida harbiy rahbarlarga ishonch past. Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi deb tanilgan organ hokimiyatda ustuvorlik qilishda davom etadi, demokratik o’zgarishlarga yo’l bermaydi degan xavotir kuchli.

Bugun Muhammad Mursiy qasamyodi paytida ham, undan keyin ham Qohiradagi “Tahrir” maydonida namoyishlar tinmadi.

Mursiy parlament oldida emas, konstitutsion sud oldida qasamyod keltirdi, chunki qonunchilik organi tarqatib yuborilgan.

Yangi prezident kelishmovchiliklar bo’lishi tabiiy deydi, lekin u boshliq hukumatda nafaqat musulmonlar, balki mamlakatda katta sonni tashkil etadigan nasroniylar ham bo’lishi kutilmoqda. Shuningdek, xotin-qizlar ham muhim rol o’ynaydi.

Husni Muborakdan keyin mamlakat boshqaruvini qo’lga olgan harbiylar 1-iyulda uni yangi rahbarga topshirishi kerak.

Muhammad Mursiy hafta boshida Husni Muborakdan qolgan saroyga ko’chib kirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG