Breaking News

Misrda jinsiy tajovuzlar kundalik hol


Bir guruh misrlik inson huquqlari faollari Birlashgan Millatlar Tashkilotidan Misrda ayollar huquqlarining toptalishi, shu jumladan ularga nisbatan jinsiy tajovuz hollarini o’rganish maqsadida maxsus taftish komissiyasini yuborishni so’ramoqda.

Huquq himoyachilarining qayd etishicha, bir yil avval prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag’darilganidan buyon yuzlab ayollar mamlakat harbiy rahbarlari qo’lida aziyat chekkan.

Mualliflarga ko’ra, yangi rahbarlarga qarshi norozilik namoyishlarida 50 ayol qonunga xilof ravishda o’ldirib yuborilgan.

2013-yil 3-iyulidan 2014-yil 1-iyungacha 1585 nafar ayol siyosiy sabablarga ko’ra hibsga olingan. Ularning aksariyati hozir ozodlikda sud hukmini kutmoqda. Qariyb 100 nafari hamon panjara ortida.

Hibsda saqlanayotganida ayollar qiynoqqa solingan, ta’qib qilingan, jismoniy va jinsiy tajovuzga uchragan va zo’rlangan, deyiladi hisobotda. Talaba qizlarga nisbatan ayniqsa og’ir jazolar belgilangan, ayrimlari o’ldirilgan.

Misr demokratiyasi uchun Yevropa alyansi a’zosi Daliya Lutfiy qamoqlarda ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz va zo’rlash hollari keng tarqalganini aytadi. Bu jinoyatlar hukumat va xavfsizlik xizmati xodimlari hamda soqchilar tomondan amalga oshiriladi, deydi u.

4-iyun kuni Misr tarixida ilk bor jinsiy ta’qibni jinoyat darajasiga chiqargan qonun qabul qilindi. Faol Mustafo Sulaymon “Amerika Ovozi”ga qonun oqibatida ayollar hayoti yaxshi tarafga o’zgarishiga ishonmasligini aytadi.

“Hukumat harbiylar tayanchiga ega yoki harbiylardan tarkib topgan. Bilasizki, Misrda hukumatda harbiylar bo’lsa, bu faqat erkaklarni anglatadi. Ular uchun ayollarni ta’qib qilish odatiy hol. Shu sababdan harbiylardan tarkib topgan hukumatning inson huquqlari va ayollar huquqlari haqidagi gaplariga mutlaqo ishonmayman”, – deydi faol.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG