Breaking News

Arab dunyosi namoyishlar girdobida


Arab dunyosi namoyishlar girdobida
Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Tunis, Misr, Jazoir, Yaman, Iordaniya va Misrda isyon ... tashqi dunyo bu voqealarni internet orqali, xususan Facebook va Twitter kabi sahifalar orqali kuzatmoqda.

Qo’zg’olonlarda mana shu saytlarning roli katta, deydi ba’zilar. Boshqalar nazarida internet o’z yo’liga, yo’qsillik, ishsizlik, siyosiy bosimdan odamlarning sabr-kosasi to’lgan.

Shu kunlarda internetdagi Facebook va Twitter kabi ommabop tizimlar, Youtube video portali Misrda yuz berayotgan namoyishlar bilan to’la.

Youtube-dagi bir videoni ko’rsangiz, unda politsiya namoyishchilarni suv bilan haydamoqda. G’azabga to’lgan namoyishchilardan biri qilt etmay joyida turibdi.

Pichoq kelib suyakka qadaldi, deydi misrliklar. Tunisda boshlangan xalq g’alayoni keyin qo’shni Iordaniya, Jazoir, Yaman va Misrga tarqaldi. Bunda Facebook va Twitter singari sahifalarning roli katta, deydi kuzatuvchilar.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida
Arab dunyosi namoyishlar girdobida

Misr hukumati internetni kuchli nazoratga olgan. Telefon aloqa va global tarmoq blokirovka qilinmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misr rasmiylarini inson huquqlarini e’zozlashga, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan.

Eronlik jurnalist Hamid Memaryan Yaqin Sharqda avtoritar tuzumlar hukmron, deydi. Erkinlik bo’g’ilgan. Hukumatning gapiga, rasmiy matbuotga ishonmay qo’yganmiz, deydi u.

Prezident Husni Muborak iste’fosini talab qilgan minglab fuqaro qayerda uchrashdi? Kimga murojaat qildi? Bularning bari internetdagi sahifalarda muhokama qilindi.

Hukumat, armiya global tarmoq oldida ojizlik qilgan, deydi Garvard Universiteti professori Jilian York.

Arab dunyosi namoyishlar girdobida
Arab dunyosi namoyishlar girdobida

“So’nggi ikki-uch kun ichida Twitterda odamlarning uyushib, harakat qilganiga guvoh bo’ldim. Google qidiruv tizimidan foydalandi odamlar. Namoyishlarni qay tarzda o’tkazish, nimalarga e’tibor berish, qanday ehtiyot choralari ko’rish haqida qizg’in muhokamalar kechdi”, - deydi professor York.

Lekin Tunisda manzara boshqa edi, deydi mutaxassis.

“Mamlakatda qo’zg’olon internet orqali boshqarildi deb aytish qiyin. Eskidan internet kuchli nazorat ostida. Tunislik tanishlarimning aytishicha, namoyishlar ko’chada, mahallalarda kechgan. Xabarlar og’izdan o’gizga o’tgan. Global tarmoq Tunisni xalqaro hamjamiyat bilan bog’lashda xizmat qildi desak to’g’ri bo’ladi”, - deydi Garvard Universiteti professori.

Sobiq prezident Ben Ali hukmronligi paytida Tunisda internet to'silgan. Muxolifat veb-sahifalari, bloglariga kirish taqiqlangan edi.

Facebook va Twitter kabi saytlar egalari bildirgan fikrlariga qarab ta’qibga olingan.

Eronlik jurnalist Hamiz Memaryan nazarida odamlar internetdagi chaqiriqlar tufayli bosh ko’targan emas. Yaqin Sharqdagi iqtisodiy tanglik, ishsizlik va qiyinchilik bunga asosiy sabab. Bu bir kechada sodir bo’lgan norozilik emas, deydi u.

Jurnalist fikricha, avtokrat hukumatlar erkinlikni qanchalik bo’g’ishga harakat qilmasin, internet asrida norozi xalqni doimiy bosim ostida ushlab turib bo’lmaydi.

Misrdagi g'alayonlar suratlarda

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG