Seshanba kuni Misrda muvaqqat Vazirlar Mahkamasi tuzildi. 33 kishidan iborat yangi hukumat tarkibida islomiy partiyalardan vakil yo’q. Boshqaruvdan ag’darilgan prezident Muhammad Mursiy mansub “Musulmon Birodarlar” harakati yangi hukumatda va bo’lajak saylovlarda qatnashmasligini ma’lum qildi.
“Musulmon Birodarlar” so’zlovchisi Gihad Al-Haddadning aytishicha, saylovlarda qatnashishdan mantiq yo’q. Chunki, baribir, harbiylarning aytgani bo’ladi, deydi u.
“Musulmon Birodarlar” so’zlovchisi Gihad Al-Haddadning aytishicha, saylovlarda qatnashishdan mantiq yo’q. Chunki, baribir, harbiylarning aytgani bo’ladi, deydi u.
“Harbiylar yana hukumatni ag’darmasligiga kafolat yo’q. Biz allaqachon prezidentlik saylovlarini, parlament saylovlarini hamda konstitutsiya uchun referendumni amalga oshirgan edik”, - deydi islomiy partiya rasmiysi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, “Musulmon Birodarlar”ning xavotirlari o’rinli. Chunki aynan harbiylar boshqaruvi davrida ularning faoliyati bir necha o’n yillar taqiqlangan edi.
Tahlilchi Nirvana Mahmudning aytishicha, Misr uchun hozir eng muhimi hokimiyatga keladiganlarning vakolatini qisqartirish. Shunday sharoitda islomiy guruhlar qo’rqmasdan ishlashi mumkin, deydi u.
“Agar yana islomiy partiya g’olib bo’lsa, ularning boshqaruviga yo’l berish kerak. Ammo haqiqiy demokratiyani ta’minlovchi konstitutsiya va qonunlar yaratilib, joriy etilmaguncha, aholining bir qismi ularni qabul qilmaydi”, - deydi tahlilchi.
Tanqidchilar Mursiyni bir yillik hukmronligi davrida davlat ustidan to’la monopoliya o’rnatishga uringanlikda ayblaydi. Shuningdek, uning ozchilik elatlar huquqlarini himoya qila olmagani va iqtisodiyotni abgor holga tushirgani keskin tanqid qilinadi. Harbiylar tutgan yo’lni to’g’ri va qonuniy deb hisoblovchilar ko’p.
Ammo siyosatshunos Mahmud bunday bahslarga berilish endi ortiqcha ekanini aytadi.
“Harbiy to’ntarish sodir bo’ldi. Xohlaymizmi yo’qmi yoki to’ntarish ro’y berganini qabul qilamizmi yo inkor etamizmi, bu gaplardan endi foyda yo’q. Kelajak haqida qayg’urish kerak. Nazarimda, ko’pchilik, ayniqsa, islomiy guruhlar shu haqda o’ylamayapti”, - deydi Mahmud.
Harbiylar nazoratidagi hukumat “Musulmon Birodarlar”ning bir qator yetakchi rahbarlarini hibsga olishga buyruq berdi. Shunday sharoitda tomonlarning murosaga kelishiga umid qilish qiyin. Ayniqsa, o’tgan hafta namoyishlarda 50 dan ortiq Mursiy tarafdorlarining o’ldirilishi vaziyatni yanada chigallashtirdi.
Qohiradagi Amerika Universitetida tadqiqot olib borayotgan siyosatshunos Adil Abdul G’affor fikricha, ixtilofga yechim topilishi uchun “Musulmon Birodalar” siyosiy jarayonga qo’shilishi kerak. Ungacha tinchlikka erishish mushkul, deydi u.
“Albatta, islomchilarni bunga ko’ndirish qiyin. Ammo boshqa chora fuqarolik urushi, degani. Misrda hech kim bu yo’ldan borishni istamasa kerak”, - deydi Abdul G’affor.
Tadqiqotchiga ko’ra, birodarlar ham endi Mursiyni hokimiyatga qayta tiklash imkonsiz ekanini tushunib turibdi. Harakat hukumat bilan murosa yo’lini tanlab, rahbarlariga qo’yilgan jinoiy ayblovlarni olib tashlash va eski mavqelarining bir qismini qaytarib olish bo’yicha muzokaraga qo’shilsa kerak, deydi u.
Ayni paytda xalqaro hamjamiyat Misrdagi vaziyatni yumshatishga harakat qilmoqda. AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns Misrga tashrif buyurib, hukumat vakillari bilan muloqot olib bordi. Davlat kotibi Jon Kerri Misrda barqarorlikning o’rnatilishini mintaqa uchun muhim, deb hisoblaydi.
“Munozaraga yechim topish uchun, Misr kelajagi uchun barcha guruhlar, partiyalar, turli din va qarashdagi ozchilik elatlar siyosiy jarayonga jalb etilishi kerak”, - deydi Kerri.
Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton ham Qohirada. U muvaqqat Bosh vazir Hazim al-Biblaviy va vaqtli prezident Adli Mansur bilan uchrashibgina qolmay, birodarlar yetakchilari bilan ham ko’rishishi kutilmoqda.
Prezidentlikni qo’lga kiritganidan bir yil o’tib ag’darilgan Muhammad Mursiyning hozir qayerda saqlanayotgani ma’lum emas. Josuslik, zo’ravonlikka undash va iqtisodiyotni zaiflashtirish kabi ayblovlar bilan yuzlashar ekan, unga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilishi mumkin.