Breaking News

AQSh Misrga harbiy yordamni kesishi mumkin


Misrning asl hukmdori - armiya boshlig'i general Abdel Fattoh al-Sissiy
Misrning asl hukmdori - armiya boshlig'i general Abdel Fattoh al-Sissiy
AQSh rasmiylariga ko’ra, Obama ma’muriyati Misrga berilayotgan harbiy yordamni jiddiy ravishda qisqartirmoqchi. Iyul oyida Misr prezidenti Muhammad Mursiy harbiylar tomonidan hokimiyatdan olingach va uning tarafdorlari ta’qibga uchragach, Qo’shma Shtatlar harbiy yordam dasturini qayta ko’rib chiqishga kirishib, shunday qarorga kelgan.

Aksil-terror amaliyotlar va Sinay yarimoroli xavfsizligi uchun ajratilayotgan yordam miqdori o’zgarishsiz qoladi, deydi rasmiylar.

Amerika Misrga har yili 1,3 milliard dollar beradi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Keytlin Xeydenning ma’lum qilishicha, dasturga doir o’zgarishlar yaqin kunlarda rasman e’lon qilinadi.

Prezident Barak Obama o’tgan oy BMT Bosh Assambleyasida qilgan nutqida Misr muvaqqat hukumatini demokratiyaga xilof harakatlarda ayblab, Amerika demokratiya yo’lidan yurganlarga yordam beradi, degan edi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Misrda demokratik ravishda saylangan hukumat hokimiyatga qaytgach, harbiy ko’mak dasturi tiklanadi.

Shu kungacha AQSh Misrga qiruvchi samolyotlar savdosini to’xtatib, Misr bilan rejalangan qo’shma harbiy mashqlarni bekor qilgan.

Avgust oyida Yevropa Ittifoqi ham Misrga ayrim harbiy anjomlar savdosini to’xtatib qo’ygan edi.

Mursiyni ag’dargan harbiy rahbarlar muvaqqat hukumatni tayinlab, kelasi yili yangi saylovlar o’tkaziladi, degan.

Bu o’rtada Misr muvaqqat hukumati prezident Muhammad Mursiyni sud qilmoqchi. U zo’ravonlik va qotilliklarga turtki berishda ayblanmoqda. Jarayon 4-noyabrga belgilangan. Mursiy bilan bir qatorda “Musulmon birodarlar” harakatining 14 a’zosi ham sud qilinadi.

Ular o’tgan yil oxirida Qohirada harakat tarafdorlari va raqiblari o’rtasidagi qonli to’qnashuvga sababchi bo’lganlikda ayblanmoqda. O’shanda yetti kishi o’lgan edi.
XS
SM
MD
LG