Breaking News

Muborak ozod ekani Misr uchun nimani anglatadi?


Misr sobiq prezidenti Husni Muborak qamoqxonadan harbiy kasalxonaga ko'chirilmoqda, Qohira, 22-avgust, 2013-yil
Misr sobiq prezidenti Husni Muborak qamoqxonadan harbiy kasalxonaga ko'chirilmoqda, Qohira, 22-avgust, 2013-yil
O’tgan payshanba kuni Misrda sobiq prezident Husni Muborakning turmadan ozod etilgani bu davlat siyosati va tutgan yo’li bo’yicha bahslarni avj oldirdi. Misr oldinga qarab ketyaptimi yoki ortga qadam tashladimi?

Muborak qamoqxonadan ozod etilgani bilan harbiy kasalxonada uy qamog’ida saqlanmoqda. Sud ba’zi ayblovlarni olib tashlagach, sobiq prezidentni panjara ortida ortiq saqlash mumkin emas degan qaror chiqardi. Biroq Muborak 2011-yildagi chiqishlar paytida namoyishchilarni o’qqa tutishga buyruq berganlik aybi bilan sud qilinishda davom etadi.

Muborakka qarshi bosh ko’tarib, hokimiyatni qisqa vaqt ushlab turgan “Musulmon birodarlar” harakati ham sobiq prezident bilan bir paytda sud qilinmoqda. Guruhning aksariyat a’zolari hibsda, tarafdorlari esa Muborakning ozod etilganidan g’azabda.

Biroq Misr razvedkasining sobiq xodimi general Samih Say al-Yazal buni ahamiyatsiz voqea deb hisoblaydi.

"Muborak oliy sudga murojaat qildi, u esa o’z navbatida quyi sudlardan ishni qayta ko’rib chiqishni so’radi. Bu Misrda normal holat", - deydi al-Yazal.

Ammo ayrim tahlilchilar nazarida 60 yil harbiylar boshqaruvi ostida bo’lib, prezidentni erkin saylash orqali qisqa muddat demokratiyani tajriba qilgan bu davlat yana harbiylar tanlagan rahbarlar qo’li ostida.

AQShning Misrdagi sobiq elchisi Adam Yerelining aytishicha, Misr prezidenti ham, harbiylar ham, “Musulmon birodarlar” ham sud qilinishi va qamalishi mumkin.

"Bu Misr siyosiy tizimi, kelajagiga qanday ta’sir qiladi", - deya so’raydi sobiq diplomat.

Faollar nazarida Muborakning ozod etilishi va birodarlarning tazyiqqa olinishi mamlakatni 2011-yil inqilobidan oldingi davr emas, hatto 1950-yillarga qaytardi. O’shanda harbiylar qirolni taxtdan ag’darib, guruhni siquvga olgan edi.

General al-Yazal bunday qarashlarni inkor etadi. Uning aytishicha, 2011-yil inqilobi so’nggani yo’q, biroq oxirgi oylarda Mursiyga qarshi namoyishlar unga ayrim tuzatishlar kiritdi, xolos.

"Mursiyni hokimiyatdan ag’dargan 2013-yil iyun inqilobi 2011-yil yanvar revolyutsiyasini yakunlagan yangi davr, yangi yo’nalish bo’ldi", - deydi general.

Har ikki inqilobda qatnashgan odamlar bugunga kelib nima uchun namoyish qilganini anglamayapti va quyidagi savol xalq orasida ommaviylashgan: Misrda millionlar armiya yordamida xush ko’rmagan prezidentdan qutuldimi yoki armiya millionlar yordamida hokimiyatda ko’rishni istamagan prezidentdanmi?
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG