Breaking News

Amerika diplomati: Misrga gap o'rgatmoqchi emasmiz


Misr vaqtli rahbari Adli Mansur, Amerika diplomati Vilyam Berns
Misr vaqtli rahbari Adli Mansur, Amerika diplomati Vilyam Berns
Siyosiy tanazzulga tortilgan Misrga safar qilayotgan AQSh rasmiysi muvaqqat rahbarlar bilan muzokara o’tkazib, yangi hukumatga barcha partiyalar, aholining hamma qatlamlaridan vakillarni jalb qilishga undayapti.

Davlat kotibi muovini Bill Berns armiya prezident Muhammad Mursiyni hukumatdan ag’darganidan beri Misrga borgan ilk AQSh rasmiysi.

Qo'shma Shtatlar o'z demokratik modelini Misrga o'tkazmoqchi emas, misrliklar o'z kelajagini o'zi belgilashga haqli, deydi Berns.

Uning aytishicha, Misr Suriya yo'lidan bormaydi, chunki bu yurt rahbarlari tarqoqlik kasb etgan xavf-xatarni, aholining barcha qatlamlari talablarini inobatga olish zaruratini tushunadi.

Davlat departamentining bildirishicha, bugun va ertangi muloqotda fuqarolik jamiyati vakillari va biznes ahli qatnashmoqda.

Berns salafiylarning Nur partiyasi bilan ham muzokaraga tayyor. Biroq guruh taklifni ko'rib chiqayapmiz, deya javob qiladi.

Bu orada, Mursiyga xayrixoh Musulmon Birodarlar partiyasi o’z tarafdorlarini Qohirada ommaviy chiqishlarga undayapti.

Poytaxt shimoli-sharqidagi masjid atrofida bir necha kundan beri minglab odamlarni ko’rish mumkin. Prezident Mursiy lavozimida qayta tiklanishi kerak, deydi ular.

Shuningdek, shimoldagi Sinay yarimorolida qurollangan odamlar zavod ishchilarini olib ketayotgan avtobusga hujum qilib, kamida uch kishini o’ldirgan. 17 odam jarohatlangan.

Mursiy davlat tepasidan ag’darilganidan beri Sinayda to’qnashuv, zo’ravonliklar kuchaygan.

Misr generali Abdul Fattoh al-Sissiy kecha televideniye orqali qilgan chiqishida Mursiyni chetlatish qarorini himoya qilib chiqdi.

Xalq talabini qondirdik, Mursiy fuqarolar ishonchini qo’ldan boy bergan edi, deydi general.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG