Breaking News

Amerikada ham Qurbon hayiti nishonlanmoqda


Souz Bend shahri musulmonlari bir-birini hayit bilan tabriklamoqda.
Souz Bend shahri musulmonlari bir-birini hayit bilan tabriklamoqda.
Dunyo bo’ylab islom ahli Qurbon hayitini nishonlamoqda, jumladan, Amerika musulmonlari ham.
Amerikada hayit, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00
Yuklab oling

Indiana shtatining Souz Bend shahri kichik, ammo ahil musulmonlar jamoasiga ega. 15-oktabr kuni erta tongdan shaharning yoshu-qari, erkagu-ayol musulmonlari masjidga yig’ildi. Jamoat jam bo’lib, imom Muhammad Sirojiddin yetakchiligida hayit namozi o’qildi.

Imom Sirojiddin asli hindistonlik. Bir necha yildan beri Souz Benddagi masjidga imomlik qiladi. Uning aytishicha, hayit butun dunyo musulmonlari uchun eng ulug’ ayyom hisoblanadi.

Souz Bend masjidi imomi Muhammad Sirojiddin
Souz Bend masjidi imomi Muhammad Sirojiddin
“Bu bayramda biz Ibrohim alayhissalom tomonidan Alloh uchun qilingan qurbonlikni xotirlaymiz. Bu kun biz barchaga tinchlik, farovonlik tilaymiz. Amerikada ham, dunyoning boshqa joylarida, xususan, O’zbekiston, Suriya, Misr, Somali, Yaman kabi davlatlarda qiyinchiliklarga yuz tutgan musulmonlarga Alloh o’zi yordam bersin”, - deydi imom, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Souz Bend Islom jamiyati bundan 10 yil muqaddam tashkil topgan. Markazda masjid, kutubxona, tadbirlar zali mavjud. Shuningdek, bu yerda shahar musulmonlariga turli islomiy xizmatlar taqdim etiladi.

“Hayit bayramini biz ham boshqa joylarda bo’ladigani kabi ertalab hayit namozi bilan boshlaymiz. Bayramimiz seshanba – ish kuniga to’g’ri kelgani uchun, ko’pchilik namozni o’qib ishiga jo’nab ketadi. Namozdan so’ng, odatda, qurbonlik qilinadi. Shuningdek, yaqinlarimiz, do’stlarimiz holidan xabar olamiz, ularning uylariga tashrif buyuramiz”, - deydi imom Sirojiddin.

Amerika xalqi rang-barang bo’lganidek, bu yerdagi musulmonlarning kelib chiqishi ham turli-tuman. Har xil musulmon davlatlaridan kelgan muhojirlar millati, irqi va o’ziga xos madaniyatidan qat’i nazar, islom dini ostida yagona jamoaga aylangan. Bu Souz Bend musulmonlari uchun ham xos xususiyat.

“Dunyoning har bir burchagidan, har bir qit’asidan musulmonlar bor bu yerda. Ular turli madaniyatlarga ergashadi, turli tillarda so’zlaydi, ammo barchasi “La ilaha illalloh” kalimasi ostida birlashgan”, - deydi imom.

Souz Bend shahri masjidi
Souz Bend shahri masjidi
Uning aytishicha, musulmonlar shaharning nomusulmon aholisi bilan yaqin aloqalarga ega. Biz turli ijtimoiy va xayriya dasturlarida faol ishtirok etamiz, deydi u.

“Musulmon bo’lmagan do’stlarimiz va qo’shnilarimiz bilan yil bo’yi davomiy aloqadamiz. 11-sentabr voqealaridan beri musulmonlar nafaqat o’zlarining ichida, balki qo’shni jamoalar bilan ham yaqin munosabat o’rnatib kelmoqda. Masalan, qon topshirish, muhtojlarga oziq-ovqat ulashish kabi xayriya tadbirlarida qatnashamiz. Shu hayit namozidan keyin ham masjidning o’zida qon olish imkoniyatini yaratdik. Har bir topshirilgan qon bir inson hayotini saqlab qoladi. Biz bunday xayrli ishlarga jiddiy e’tibor beramiz”, - deydi imom.

Imom Sirojiddinning aytishicha, islom haqida yuzaga kelayotgan noto’g’ri tasavvurlarning oldini olish uchun bu ishlar muhim. Jamiyatning har bir a’zosi yaxshi xulqi va amali bilan boshqalarga o’rnak bo’lishi kerak, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG