Breaking News

Qirg'izistondagi Ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik ekstremistlar uchun qulay muhit


BMT va boshqa mutaxassislar nazarida Qirg'izistonda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal etilmas ekan, radikal diniy va jinoiy guruhlar bundan foydalanishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qirg'izistondagi elchisi nazarida Markaziy Osiyodagi ekstremist kuchlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan foydalanib, ta'sirini yoyishi mumkin. Kuni-kecha Rossiya prezidenti ham shu haqda gapirgan edi.

BMT elchisi Miroslav Yenchaning aytishicha, Qirg'izistondagi mojaro mintaqada to'planib qolgan ziddiyatlar natijasi bo'lib, kelajakda shu kabi to'qnashuvlarning oldini olish uchun murosaga kelishish zarur.

"Farg'ona vodiysi va, umuman, Markaziy Osiyoda ekstremizm tahdidi mavjud. Ayniqsa, mintaqaning Afg'oniston bilan chegaradosh ekani hisobga olinsa. Hududda ekstremist tashkilotlar talaygina va ular o'z maqsadlariga erishishda hozirgi vaziyatdan foydalanishi mumkin", - deydi BMT elchisi.

Kuni kecha Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ham o'xshash fikr bildirgan. Rossiya respublikada vaziyat tinchlanmaguncha rasmiy Bishkekni yangi konstitutsiya bo'yicha referendumni kechiktirishga chaqirgan edi. Biroq Otunbayeva hukumati qarorida qat'iy turdi.

Prezident Medvedev nazarida parlament tizimi Qirg'izistonga to'g'ri kelmaydi, zaif hukumat esa ekstremist kuchlarning hokimiyatga kelishiga qarshilik ko'rsata olmaydi.

So'nggi yillarda mintaqa va xususan O'sh Afg'onistondan kelayotgan giyohvand moddalar tranzit nuqtasiga aylangan. Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis Nodir Ismoilovning aytishicha, ishsiz yoshlar uyushgan ekstremistik guruhlar yugurdaklariga aylanib, arzimagan pul uchun qoradorini tashishda yordam bermoqda.

"Narkotiklar savdosidan tushgan pul terrorchi va jinoiy guruhlar hamyoniga borib tushadi", - deydi Ismoilov.

Yana bir tahlilchi Alisher Hamidov nazarida etnik va diniy ekstremistlar maqsadi har xil bo'lgani uchun bir-biri bilan til topisha olmaydi. Diniy radikal kuchlar etnik va milliy g'oyalarni inkor etgan holda Markaziy Osiyoda shariatga asoslangan islomiy tuzum o'rnatish tarafdori. Vaziyat qancha beqaror bo'lsa, deydi Nodir Ismoilov, diniy ekstremistlarga shuncha yaxshi.

"Ular Farg'ona vodiysidagi yoshlar miyasini zaharlashga urinmoqda. Bu aholi juda zich, ko'p millatli mintaqa", - deydi ekspert.

BMT elchisi Miroslav Yencha nazarida hozirda Qirg'izistonda ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatni yaxshilab, tomonlarni yarashtirish lozim.


"Bu esa muvaqqat hukumat va xalqaro hamjamiyat qo'lida. Boshpanasiz qolgan odamlarga yordam qo'lini cho'zish kerak", - deydi u.

O'shlik huquqshunos Dinara Oshuroxunovaning aytishicha, aholi referendumda ishtirok etgani bilan aynan nima uchun ovoz berganini to'liq anglamagan.

"Ular o'zgarish uchun ovoz berdi va o'zgarish ijobiy bo'lishiga umid qilmoqda", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG