Vashingtonda AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi yoki qisqacha Xelsinki Komissiyasida Qirg'iziston janubidagi voqealar yuzasidan tinglov o'tkazildi. Unda ishtirok etgan qonunchilar, hukumat rasmiylari va tahlilchilar nazarida Qirg'iziston hukumati mamlakatda chin barqarorlikni ta'minlamaguncha, zo'ravonliklarning yangidan boshlanish xavfi bor.
Xelsinki Komissiyasi raisi kongressmen Elsi Xeystingsning afsus bilan aytishicha, 1990-yillarda Markaziy Osiyoda namunali deb hisoblangan Qirg'iziston ezgu umidlarni oqlamadi.
"Eng rivojlangan fuqarolik jamiyati Qirg'izistonda edi. Mamlakat demokratik taraqqiyot sari ketayotganiga ishonch katta edi. Biroq sobiq Sovet davlatlariga xos korrupsiya va avtokratiya uni bu yo'ldan qaytardi", - deydi qonunchi.
Iyun oyida ro'y bergan etnik zo'ravonliklar, ba'zi tahlilchilar nazarida, Qirg'izistonni jar yoqasiga keltirdi. Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida Qirg'izistonning AQShdagi elchisi bo'lgan Zamira Siddiqova zaif davlat boshqaruvida muvaqqat hukumatni ayblaydi.
"Yangi hukumatning layoqatsizligi sabab, ba'zi siyosiy kuchlar manfaati sabab, aprel voqealari natijasida qo'lga kiritilgan hokimiyatni qanday qilib bo'lmasin saqlab qolish maqsadida katta xatoga yo'l qo'yildi", - deydi sobiq elchi.
Kongressdagi tinglovda so'zlagan AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi Robert Bleyk Qirg'iziston janubida taranglik hali ham mavjud, deydi.
"Janubda o'zbeklarga qarashli bizneslarning aksariyati yopiqligicha qolmoqda, boshpanasiz qolgan bu millat vakillarining ba'zilari ishga chiqa olmayapti. Dalalarda ekinlarning qarovsiz qolib ketgani bu mavsum oziq-ovqat tanqis bo'lishiga sababdir. Ba'zi xabarlarga ko'ra, qirg'iz hukumati vayron bo'lgan o'zbek mahallalaridagi yerni o'zlashtirib, O'sh shahrini qayta qurish loyihasi doirasida u yerga zamonaviy, ko'p qavatli, turli millat vakillari uchun imoratlar solishni rejalashi yangi to'qnashuvlarga olib kelishi mumkin", - deydi AQSh rasmiysi.
Robert Bleyk nazarida Qirg'iziston huquq-tartibot organlari va adliya tizimi kuchaytirilib, xalqning ularga ishonchini tiklash zarur.
"O'shda inson huquqlari faollari, o'zbek jamoasi yetakchilarining hibsga olinayotgani va hattoki qiynoqlarga solinayotgani haqidagi xabarlar tashvishga molik. Shahar hokimining millatchi siyosati bo'yicha ko'plab shikoyatlar tushmoqda. Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston hukumatidan bu muammolarga jiddiy e'tibor qaratishni so'ragan", - deydi davlat kotibi muovini.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg'iziston janubida barqarorlikni ta'minlash maqsadida hududga 52 kishilik politsiya maslahat guruhini yuborishga qaror qilgan. Ular Qirg'izistonda 4 oy bo'ladi, so'ng mandati uzaytirilishi va, hattoki, yana 50 ofitserga ko'payishi mumkin bo'ladi.
Qirg'iziston oktabr oyiga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, Xelsinki Komissiyasi tinglovida o'z qarashlarini bayon qilgan vashingtonlik tahlilchi Marta Brill Olkott nazarida zo'ravonliklarning jonlanish xavfi yo'qolmagan.
"Saylovlar natijasi adolatli deb ko'rilmasa yoki qish mavsumi yaqinlashgan sari insonparvarlik yordami teng tarqatilmay, uy-joy masalasi hal bo'lmasa va markaziy hukumat buning oqibatlarini janubdagi rasmiylarga aniq tushuntirib bera olmasa, ahvol yomonlashishi mumkin", - deydi Olkott.
Qirg'iziston sobiq elchisi Zamira Siddiqova taxminicha, parlament saylovlari o'tkazilmasligi ham mumkin, chunki parlament tizimiga qarshilik kuchaymoqda. Buni tinglovda so'zlagan sobiq deputat Baktibek Beshimov ham tasdiqladi.
"Saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan nufuzli siyosiy partiyalarning yarmi parlament tizimiga o'tish xato ekanini tan olib, xalqni prezidentlik tizimini qaytarishga undamoqchi. Referendum shosha-pisha o'tkazildi. Xalq bilan tushuntirish ishlari olib borilmadi. Bu esa yangi zo'ravonliklarga zamin yaratmoqda", - deydi Beshimov.
Sobiq deputat nazarida bir vaqtlar Qurmanbek Bakiyevni "demokratik inqilob" yetakchisi sifatida olqishlashga shoshilgan G'arb va Qo'shma Shtatlar bu safar yana bir xatoga yo'l qo'ymoqda: Qirg'izistonning o'zida ko'plab munozaraga sabab bo'layotgan jarayonni "demokratik" deb atab, erta xulosa chiqarmoqda.
AQSh Kongressida o'tgan tinglov ishtirokchilari xulosasiga ko'ra, yangi to'qnashuvlarga yetaklovchi muhit va omillarga barham berilmagan.