Breaking News

AQShda saylov haqqoniy o'tishi qanday ta'minlanadi?


Amerikadagi suronli saylov mavsumida demokratlar ham, respublikachilar ham ovoz berish tizimini savolga tutgan damlar bo’ldi. Xo’sh, har bir fuqaroning ovozi hisobga olinishi, tizim xolisligi qanday ta’minlanadi?

Saylov nazoratchisi Margaret Jurgensen byulletenlarni birma-bir ko’zdan kechiradi.

“Tizim buzuq deyayotganlar bizning ishimizni kelib ko’rmagan”, - deydi u.

Soxtagarchilikka yo’l qo’yilmaydi, deydi Jurgensen. Har ikki partiyadan vakillar istagan saylov uchastkasini kuzatishi mumkin.

Byulletenlarni ham qog’oz, ham elektron shaklda saqlaydigan apparatlar tobora keng qo’llanilyapti. Zarur bo’lsa ovozlarni taqqoslash uchun.

Shuningdek, saylov natijasini tasdiqlashdan oldin rasmiylar ayrim okruglarda audit-tekshiruv o’tkazadi.

“Uchastkaga kirib kelgan saylovchilar va byulletenlar sonini solishtiramiz. Nomzodlarga berilgan elektron ovozlarni qog’ozdagisi bilan taqqoslab chiqamiz”, - deydi Jurgensen.

Byulleten olishdan oldin hujjat ko’rsatasiz. Respublikachilar bu boradagi talablarni kuchaytirish uchun yangi qonunlarni olg’a surgan, lekin qator shtatlarda bu tashabbus ozchilikdagi guruhlar, kam daromadli va keksa saylovchilarga nisbatan adolatsizlik deb topildi.

Saylovchilar ro’yxati yil bo’yi tekshiriladi.

“Har oy 30 ming hujjatni ko’rib chiqamiz. Yiliga ikki kunlik ish emas bu”, - deydi saylov rasmiysi.

Tahlilchi Jon Fortye so’zlariga ko’ra, respublikachi va demokratlar bu ro’yxatlar qanchalik aniq va tartibli ekani ustida ko’p tortishadi.

“Respublikachilar nazarida ish chalkash. Oilalar bir joydan ikkinchi joyga ko’chadi, ismi har ikkala uchastkada paydo bo’ladi. Uy adresi yangilanmaydi. Vafot etgan fuqarolarning ismi hujjatlarda uchrab turadi. Respublikachilar asosan mana shularga e’tibor qaratadi”, - deydi Fortye.

Ammo sudlar shu bahonada ovoz berishni qiyinlashtirishga yo’l qo’ymaydi.

Suhbatdoshga ko’ra, ovoz berishga doir qonunlar va jihozlar mamlakat bo’ylab turlicha. Ammo qonunbuzarlik nihoyatda kam uchraydi.

“Mavjud tizim fundamental jihatdan adolatli va yaxshi ishlaydi. Natijani saylovchi hal qiladi. Biroq chekka joylarda, muayyan hududlarda muammolar bor, albatta”.

Tizimni buzuq deyish asossiz, deydi Fortye.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG