Breaking News

Olimlar: Tutqanoqdan qo'rqmang!


So’nggi yillarda rivojlanayotgan mamlakatlarda diabet, saraton va yurak xastaliklari ko’p uchramoqda. Ular orasida, ayniqsa, epilepsiya, ya'ni tutqanoq keng tarqalgan. Bu kasallikni davolash qiyin emas, deydi shifokorlar.

Epilepsiya kasalligiga chalinganlarning aksariyati kambag’al va o’rta hol mamlakatlarda yashaydi.

“Lanset” tibbiy jurnalida chop etilgan maqolada shu mavzu yoritilgan. Muallif – Oksford universiteti professori, ruhshunos olim Charlz Nyuton. U Keniya va Tanzaniyada tutqanoq kasalligini o’rgangan.

“Epilepsiya shunday kasallikki, unda miya keragidan ortiq neyron va elektron zaryadlarini chiqadi, natijada odamda normal bo’lmagan harakatlanish, sezish va hatto hushini yo’qotish hollari kuzatiladi”, - deydi olim.

Tutqanoq yosh va jins tanlamaydi. U barcha yoshdagilarda hamda erkak va ayollarda birdek uchrashi mumkin.

“Ota-onadan bolaga o’tishi mumkin. Boshqa irsiy sabablari ham bor. Infeksiya, tug’ilayotganda olingan travma, bosh jarohati va hatto insult va miya saratoni ham kasallikka sabab bo’ladi”, - deydi Nyuton.

Olimning aytishicha, Afrika mamlakatlarida bolaning tug’ruq paytida jarohatlanishi hollari ko’p uchraydi. Miya yallig’lanishiga esa bakterial meningit va bezgak sabab bo’lishi mumkin.

Kasallikning turlari ko’p. Tutqanog’i bor odamlar orasida o’lim hollari ham ko’p uchraydi.

Kasallikni davolashda tibbiy imkoniyatlar bilan birga ijtimoiy omillar ham muhim o’rin tutadi, deydi olim. Ko’plab jamiyatlarda tutqanoqqa chalingan odamga munosabat salbiy. Bemorlar ta’lim olish, ish topish va turmush qurishda qiynaladi. Nyutonga ko’ra, bu muammolarning oldini olish imkoniyatlari mavjud.

“Tutqanoqni qimmat bo’lmagan dorilar yordamida nazorat qilish mumkin. Yiliga 5-10 dollar sarflab, xurujlarni 70 foizga kamaytirish yoki umuman yo’q qilish imkoni bor”, - deydi u.

Ana shunday arzon dorilardan biri - fenobarbital. Dorining salbiy oqibatlari ham yo’q emas. Masalan, u bolalarda teriga toshma toshishi, kattalarda esa ko’p uxlashga sabab bo’lishi mumkin. So’nggi yillarda salbiy asoratlari bo’lmagan yangi preparatlar ustida ish olib borilyapti, deydi olim.

“Gap shundaki, yangi dorilar juda qimmat. Kambag’allarning qurbi yetmaydi ularni sotib olishga. Demak, aholi daromadi past joylarda biz an’anaviy, yaxshi sinalgan preparatlardan foydalanishda davom etamiz. Chunki bunday dorilarning qanday ta’sir qilishi ham bizga yaxshi ma’lum”, - deydi Nyuton.

Dorilar ishlab chiqarish va narxlarni pasaytirish barobarida tutqanoqning oldini olish ham muhim, odamlar kasallik haqida ko’proq bilsin, deydi professor Nyuton.

“Jamiyatlarda, mahallalar darajasida odamlar bilimini oshirish kerak. Tutqanoqqa chalingan odamlarning hatto o’zlari ham bu haqda ba’zan bilmaydi. Bilsa ham, ko’pincha, uni qanday davolash, qanday nazorat qilishni tushunmaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Tug’ruq paytidagi jarohatlarni kamaytirish, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash orqali epilepsiya hollarini ikki barobar kamaytirish mumkin. Hukumatlar va BMT kabi xalqaro tashkilotlar masalaga e’tiborni oshirishi lozim, deydi Oksford universiteti professori Charlz Nyuton.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG