Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Misrga safar qilmoqda. Arab Ligasi majlisida ishtirok etgan Erdog'an mintaqaviy birdamlik haqida so'zladi. Ligaga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uning nutqini bir necha bor gulduros qarsaklar bilan qarshiladi.
"Mintaqaviy hamkorlik orqali jahon siyosatiga ta'sir qilish mumkin", - deydi turk rahbari.
Erdog'an Turkiya tashqi siyosatiga ham to'xtaldi. Jumladan, Isroil haqida gapirar ekan, G'azo Sektori qamalini tan olmasligini bildirdi. O'tgan yili hududda Isroilning gumanitar yuk ortilgan kemaga hujumi va oqibatda to'qqiz turk fuqarosining o'lganini eslar ekan, Erdog'an Isroilni jinoyatda aybladi.
Uning aytishicha, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashda ichki siyosat xalaqit bermoqda. Netanyaxu boshqa siyosiy partiyalar tanqidiga uchrashdan cho'chimoqda, deydi Erdog'an.
Turkiya rahbari AQSh prezidenti Barak Obamaning o'tgan yilgi hodisa bo'yicha lom-lim demaganini tanqid qildi. Turkiya hukumati G'azo Sektori yaqinidagi voqeani tergov qilishni so'rab Xalqaro jinoiy sudga murojaat etmoqchi.