Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an ertaga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo'ylab safarga chiqadi. Erdog'an Misr, Liviya va Tunisda bo'ladi. Turkiya rahbari Misr orqali Falastinga ham o'tmoqchi. Xususan G'azo Sektoriga borib, XAMAS rahbariyati bilan uchrashmoqchi.
Isroil, Yevropa Ittifoqi va Qo'shma Shtatlar XAMASni terrorchi tashkilot deb biladi. Bu Turkiyaning usiz ham sovuqlashgan Isroil bilan aloqalarini yanada keskinlashtirishi mumkin, deydi tahlilchilar.
Joriy hafta rasmiy Anqara O'rta Yer dengizida harbiy nazoratni kuchaytirishini va G'azoga gumanitar yordam yetkazishni rejalayotgan kemalar xavfsizligini ta'minlashini bildirgan.
O'tgan yili ana shunday kemalardan biri G'azoga yaqinlashganida Isroil maxsus kuchlari uni ishg'ol qilib, to'qqiz turk fuqarosi o'lgan edi. Turkiya Isroildan voqea bo'yicha uzr so'rashni va qurbonlar oilalariga kompensatsiya to'lashni talab qilgan, ammo Isroil bundan bosh tortgan. Natijada Turkiya bu davlat bilan harbiy savdo va hamkorlikni to'xtatib, Isroil elchisi va bir necha diplomatini mamlakatdan haydagan.
"Isroil bu safar insonparvarlik yuki ortilgan kemalarga hujum qilib ko'rsinchi", - deya ogohlantiradi Erdog'an.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, Isroil mintaqadagi o'zgarishlarga moslasha olmayapti, natijada qo'shnilari bilan normal aloqada emas.
"Isroil yakkalanishda davom etmoqda", - deydi Dovuto'g'li.
Turkiya bosh vaziri G'azoga Misr orqali o'ta oladi xolos, ammo rasmiy Qohira bunga hali ruxsat bermagan. Kuzatuvchilar nazarida Misr Isroil va AQSh bosimiga uchramoqda.
Sobiq diplomat Murot Bilxonning aytishicha, Turkiya mintaqada yetakchilikni qo'lga olmoqchi.
Erdog'an Misr bilan dengizda harbiy hamkorlikni kuchaytirishni va qo'shma mashqlar o'tkazishni taklif etishi kutilmoqda. Bu ham Isroil uchun bezovta bo'lishga yana bir sabab.
Arab dunyosi Erdog'anning Yaqin Sharqqa tashrifini olqishlamoqda, ammo, deydi ayrim kuzatuvchilar, rasmiy Anqara ba'zi omillarni hisobdan chiqarmasligi kerak.
"Misr Turkiyani hamkor emas, o'ziga mintaqada raqib deb biladi", - deydi turkiyalik tahlilchi Aktar. "Yaqin Sharqda inqilobiy jarayonlardan so'ng kuchlar muvozanati yangicha tartibda bo'ladi. Turkiya bu jarayonda muhim rol o'ynashi mumkin, agar o'zini boshqalar bilan teng tutsa va manmanlikka bormasa".