Breaking News

Turkiya Suriya masalasida AQShdan dadil siyosat kutmoqda


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an (chapda) va AQSh prezidenti Barak Obama
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an (chapda) va AQSh prezidenti Barak Obama
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an ertaga Vashingtonda prezident Barak Obama bilan uchrashadi. Tomonlar mojaroga chek qo’yish uchun Suriya prezidenti Bashar Assad hokimiyatdan ketishi kerak, degan fikrda. Biroq qarashlarda farqlar ham yo’q emas.

O’tgan shanba Turkiyaning Rayhonli shahrida 40 dan ziyod odamni nobud qilgan xurujlarda Anqara Suriya hukumatini aybdor deb bilar ekan, Erdog’an Obamadan Damashqqa qarshi keskinroq chora ko’rishni so’rashi kutilmoqda.

Istanbuldagi “Edam” tahlil instituti rahbari Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiya bosh vaziri Obamani Suriya masalasida faolroq bo’lishga, masalan, Suriya harbiy samolyotlari parvozini taqiqlashga chaqirishi mumkin.

"Shundagina kuchlar muvozanati yuzaga keladi, isyonchilar kuchayadi. Anqara Turkiya ham bu mojaroga tortilishi mumkinligidan xavotirda", - deydi tahlilchi.

Moskva va Vashington kelasi oy Suriya bo’yicha anjuman uyushtirish ustida birga ishlar ekan, kuzatuvchilar fikricha, AQSh siyosatida keskin bir burilish kutmaslik kerak.

Tahlilchi Ulgen fikricha, agar anjuman ko’zlangan maqsadga erisha olmasa, Qo’shma Shtatlar Suriya masalasida yondashuvini o’zgartirishi kerak bo’ladi.

Muloqot tashkilotchilari Suriya muxolifati va hukumati ishtirokidan umidvor. Muxolifat Assad hokimiyatdan ketsin, deb shart qo’ygan, biroq isyonchilarni yaqindan qo’llab-quvvatlab kelayotgan Turkiya ularni anjumanda qatnashishga ko’ndirishi lozim, deydi tahlilchilar.

Kelasi hafta Suriya muxolifati Istanbulda uchrashib, qarorini ma’lum qiladi.

Erdog’an-Obama uchrashuvida Turkiya-Isroil munosabatlarining ko’tarilishi ham kutilmoqda. Aloqalar 2010-yil voqealaridan so’ng sovuqlashgan. Isroil yaqinda yarashmoqchi ekanini bildirgan.

Turkiyaning “Milliyet” gazetasi muxbiri Asli Oydintoshboshning aytishicha, prezident Obama vositachilik qilib, jarayonni tezlatishi mumkin.

"Obama o’rtaga tushganidan so’ng Isroil 2010-yilda turk fuqarolarini o’ldirgani uchun Anqaradan uzr so’ragani AQSh-Turkiya aloqalarining yanada yaxshilanishiga sabab bo’ldi. Obama va Erdog’an bir-biri bilan yaxshi til topisha oladi. Biroq o’zaro hamkorlikdan naf ko’rish uchun Isroilning Turkiya bilan sovuq munosabatlari Vashingtonga halaqit bermoqda", - deydi jurnalist.

AQSh va Turkiya rahbarlari, Iroq va kurdlar masalasida ham gaplashishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG