Breaking News

Markaziy Osiyoda fundamental huquqlar jiddiy tahdid ostida


Sovet Ittifoqi qulaganidan 20 yil o’tib ham Markaziy Osiyo aholisi o’z huquqlaridan bebahra qolmoqda, deyiladi Yevropa va mintaqa huquq himoyachilari hamkorligida tayyorlangan hisobotda.

Unga ko’ra, arab dunyosidagi inqiloblar mintaqaning avtoritar rahbarlarini yanada qattiqqo’l bo’lishga majbur etmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti (International Partnership for Human Rights), Niderlandiya Xelsinki inson huquqlari guruhi (The Netherlands Helsinki Committee), Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekistondagi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan tahlilnoma bugungi vaziyatga nazar tashlaydi.

O’zbekistondagi ahvolni yoritishda Inson huquqlari tashabbus guruhi ishtirok etgan. Uning rahbari Surat Ikromov fikricha, avtoritar hukumatlar xalqqa erkinlik bermayapti. Har bir davlatda shunday tuzum, deydi u.

O’zbekistonda 20 yildan oshiq davom etayotgan avtoritarizm qatag‘on siyosatini ishga soldi. Inson huquqlari tayziq ostida ekan, siyosiy mahbuslar soni ko’paydi.

“O’zbekistonda huquq har tomonlama cheklangan. Oddiy misol bu diniy e‘tiqod va so’z erkinligi“, - deydi Ikromov.

Bugunga kelib O’zbekiston dunyodagi repressiv rejimlardan biri sifatida tilga olinadi. Inson haqlarini tahqirlash, qiynoqlar oqibatida o’lim oddiy holga aylanmoqda.

Bu hisobot asosan G’arb jamoatchiligiga mintaqadagi vaziyat haqida tushuncha beradi.

“Bu hisobotdan biror samara bo’lishi haqida gapirish qiyin. Keyinchalik qanday natija beradi, bu ham noma’lum“, - deydi Surat Ikromov.

O’zbekistonda qiynoqlar muntazam qo’llanishi BMT tomonidan 2003-yilda yilda e’tirof etilgan bo’lsa-da, vaziyat o’zgarmagan.

Yaqinda Navoiy viloyatida qamoqxonadan diniy ayblovlar bilan qamalgan yana bir mahbus Abdurahmon Sagdiyevning o’ligi chiqqan. U 29-fevral kuni shoshilinch tarzda dafn etilgan. Bu ish bilan yaxshi tanish huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, Sagdiyev qiynoqqa bardosh bera olmagan.

Rasmiylar bu borada jinoiy ish ochilgani, Sagdiyev boshqa mahbuslar tomonidan kaltaklanganini aytsa-da, faollar bu hodisa qamoqxona nozirlari guvohligida yuz berganiga shubha qilmaydi.

Surat Ikromov
Surat Ikromov
“O’t yuraklar“ huquq tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva hozirda Fransiyada yashaydi. U O’zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirayotgan G’arb davlatlariga murojaat qilib, ko’zni kattaroq oching deya undamoqda.

“Geopolitik maqsadlardan kelib chiqib, O’zbekistonda inson huquqlari masalasida o’zgarishlar bo’layapti deya vaziyatni mubolag’ali baholash O’zbekistondagi rejimni yanada yovuzlashtirmoqda. O’zgacha fikrlovchi odamlarga, diniy e’tiqodda mustahkam bo’lgan musulmonlarga tazyiq kuchaymoqda. Ularga ko’rsatilayotgan qiynoq natijasidagi o’lim holatlari takrorlanib bormoqda. Qamoqxonada o’tirgan sobiq siyosiy mahbus sifatida shuni aytishim mumkinki, mahbuslar hech qachon bir-birlariga o’ldirish darajasida hujum qilishmaydi, agar yuqoridan jazosiz qolishi haqida ko’rsatma olmagan bo’lsa“, - deydi Mo’tabar Tojiboyeva.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG