Breaking News

Qozog'istonda totuvlikni targ'ib qiluvchi, o'zbek, qozoq tilidagi gazeta


Gazeta o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining Qozog’istondagi sharoiti, ular duch kelayotgan qiyinchiliklar va haqsizliklardan jamoatchilikni xabardor etib bormoqchi
Gazeta o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining Qozog’istondagi sharoiti, ular duch kelayotgan qiyinchiliklar va haqsizliklardan jamoatchilikni xabardor etib bormoqchi

Qozog’istonda o’zbek jamoasi nashr qila boshlagan, qozoq va o’zbek tilida chiqayotgan “Turkiston tongi” gazetasi xalqlararo do’stlikni mustahkamlash, ziddiyatlarni bartaraf qilishni ko’zlaydi.

Qozog’iston janubida etnik taranglik yo’q emas. Nashr tashkilotchilari deydiki, qadim Turkiston xalqlari o’rtasidagi ixtilofning sabablari tarixni puxta bilmaslik hamda ayrim ijtimoiy haqsizlikka borib taqaladi.

Chimkentda qozoq va o’zbek tillarida bosilayotgan gazeta mintaqadagi millatlararo munosabatga befarq bo’lmagan, vaziyatni yaxshilashga chora qidirayotgan bir guruh ziyolilar tashabbusi. Ular bu ish keng jamoatchilik qo’llab-quvvatlovidan umidvor.

“Turkiston tongi” bosh muharriri o’rinbosari, filologiya fanlari doktori Botir Norboyevning aytishicha, totuvlikni targ’ib etish gazetaning bosh maqsadi sifatida ko’rilmoqda.

“Millatchilikni yo’qotish, ayniqsa, mana Qirg’iziston voqealaridan keyin. Bu yerda ham millatchilik bor, o’zbek tomonida ham, qozoq tomonida ham, buni ochiq aytish kerak. Maqsadimiz ikki xalqning ko’nglida bir-biriga mehr uyg’otish. Qozoq va o’zbek ziyolilari birgalashib shu Qirg’izistondagi qonli voqealar takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak deb ko’p o’yladik. Birovlar televideniye ochish kerak, dedi. Uni qilish, buni qilish kerak deyishdi, lekin biz uchun eng osoni gazeta ochish bo’ldi. Oramizda qozoq ziyolilari ko’p, avval O’zbekistonda ham yashab kelishgan. Masalan, Serik Boyzullayev avval Bahrom G’oyib bilan birga Toshkentda “Turkiston birligi” harakatini ochgan. Xullas, Cho’qay, Cho’lpon, Qodiriy izidan boradigan ziyolilar bor bu yerda”, - deydi Norboyev.

Hozirda gazeta sarf-xarajatlari asosan maqsad atrofida birlashgan ziyolilar zimmasida.

“Qozoq, o’zbek ziyolilari chiqarayapmiz. Hozircha ko’p mablag’ talab qilayotgani yo’q, keyinchalik homiylar topib, tiraj va sahifalarini oshiramiz”.

Norboyev so’zlariga ko’ra, mintaqadagi bugungi millatlararo vaziyat qaltis, bunday ziddiyatlar alangasini kutmaslik va kuzatmaslik uchun mavjud chigalliklarni avvaldan bartaraf etish ustida ishlash kerak.

“Turkiston tonggi” shu bo’shliqni to’ldirishga urinadi, turkiy ziyolilar, jamoatchilik e’tiborini shu nozik va qaltis muammoga qaratishga harakat qiladi.“Biz qozoq va o’zbek ziyolilari bir xalq ekanimizni, hech kim bu yerga boshqa joydan kelib qolmaganini targ’ib qilayapmiz. Lekin umumiy vaziyat bir qadar qaltis, chunki tushunmaydigan odamlar ko’p.

Qirg’izistondagidek, O’sh va Jalol-Oboddagi kabi ziddiyatli kayfiyat bor. Bunday odamlar qozoq ziyolilari orasida, hatto mahalliy hokimiyat xodimlari ichida ham uchraydi”, - deydi Norboyev.

Tahririyat faqat targ’ibotga qaratilgan maqolalar bilan cheklanmoqchi emas, bugungi kunning dolzarb muammolarini yoritmoqchi. Xususan, o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining Qozog’istondagi sharoiti, ular duch kelayotgan qiyinchiliklar va haqsizliklardan jamoatchilikni xabardor etib bormoqchi.

“Oldimizdagi ikkinchi muhim masala - Qozog’istondagi o’zbek mehnat muhojirlari, bu eng og’riqli muammolardan”, - deydi Norboyev.

Bugungi kungacha gazetaning uch soni nashrdan chiqqan. Ilk sonlar jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan.

“Turkiston tongi” to’rt ming nusxada chop etilmoqda, hozircha nashrning internet sahifasi yo’lga qo’yilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG